Milliy IT-universitetlar afg‘onistonlik yoshlarga eshiklarini ochadi

Milliy IT-universitetlar afg‘onistonlik yoshlarga eshiklarini ochadi

Shu yilning 2 aprelida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Axmedxadjayev Afg‘oniston kommunikatsiya va axborot texnologiyalari vaziri Shahzod Gul Aryobini qabul qilgan edi.

Unda telekommunikatsiya va axborot texnologiyalari sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, jumladan yuqori tezlikdagi tranzit aloqa kanallarini tashkil qilish, ikki davlat tarmoq operatorlari o‘rtasidagi xalqaro telefon trafik sig‘imini kattalashtirish, xalqaro internet tarmog‘iga yuqori tezlikda ulanishni tashkil qilish, AKT sohasida kadrlar tayyorlash kabi yangi yo‘nalishlarda loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, ushbu loyihalar nafaqat aloqa sohasi o‘rtasidagi, balki boshqa yo‘nalishlarda ham mintaqaviy hamkorlikning kengayishiga xizmat qiladi. 

Muzokaralarning mantiqiy davomi sifatida 3 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Axmedxadjayev hamda Afg‘oniston Islom Respublikasining Kommunikatsiya va axborot texnologiyalari vaziri Shahzad Gul Aryobi ikkala mamlakat o‘rtasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish yo‘nalishida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan "Strategik hamkorlik bo‘yicha anglashuv Memorandumi"ni imzoladilar.

Mazkur hujjatdan ko‘zlangan bosh maqsad – ikkitomonlama hamkorlikni rivojlantirish  hamda telekommunikatsiya, axborot texnologiyalari va pochta xizmatlarini ko‘rsatishda tajriba almashish, aloqalarni kengaytirishdan iborat. Memorandumda, shuningdek AKT sohasida texnik yordam ko‘rsatish masalasi ham ko‘zda tutilgan.

Anglashuv memorandumi asosida tomonlar hamkorlikka oid me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtiradilar, o‘zaro daxldor bo‘lgan telekommunikatsiya va aloqa tarmoqlari hamda pochta aloqasi infratuzilmasini maqbullashtirish choralarini ko‘radilar. Xususan, Markaziy Osiyoga O‘zbekiston orqali o‘tadigan pochta tranzitining faoliyati ta’minlanadi. 

Shu bilan birga, tomonlar AKT sohasining turli yo‘nalishlarida raqobatbardoshlilikni oshirish, "elektron hukumat" yo‘nalishida hamkorlik qilishni kelishib oldilar.

"Afg‘oniston Prezidentining yaqinda yurtimizga tashrifi chog‘ida ikki davlat rahbarlari AKT sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan ham kelishuvga erishgan edilar. Mana shu kelishuv asosida Afg‘onistonning AKT vaziri boshchiligidagi delegatsiya bilan sohaning turli yo‘nalishlarida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, birinchi galda Afg‘oniston bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Yo‘l xaritasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, xususan Internet tranzitini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Afg‘oniston tomoni ularning mutaxassislari O‘zbekistonda bilim va tajriba orttirishlariga qiziqish bildirmoqda. Imzolangan Memorandum doirasida afg‘onistonlik talabalarni Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda Toshkent shahridagi Inha universitetlarida ta’lim olishlarini tashkil qilish masalasi ham ko‘zda tutilgan", - deydi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Axmedxadjayev.

Shuningdek, muzokaralar asosida "O‘zbektelekom" AK hamda «Afghan Telecom Corporation» o‘rtasida ham "Strategik hamkorlik bo‘yicha anglashuv Memorandumi" imzolandi. Telekommunikatsiya sohasining iqtisodiy yuksalishdagi o‘rni hisobga olinib, tomonlar telekommunikatsiya yo‘nalishida o‘zaro xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.

"Yo‘l xaritasiga asosan, Afg‘oniston va O‘zbekiston telekommunikatsiya va axborot texnologiyalari sohasida hamkorlikning yangi bosqichini belgilab oldilar. Biz bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab, har ikkala mamlakatda Internetga tezkor ulanishni tashkil qilish yuzasidan yangi imkoniyatlarni izlaymiz", - deydi «Afghan Telecom Corporation» Bosh direktori Ajmal Ayan.

Xususan, tomonlar har ikkala mamlakatdagi xalqaro aloqa xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojni tahliliy o‘rganish, shunga ko‘ra maqsadli ravishda "O‘zbektelekom" va "Afghan Telecom Corporation" kompaniyalarining telekommunikatsiya tarmoqlari o‘rtasidagi o‘zaro trafik o‘tkazuvchanligini oshirishni kelishib oldilar.