Mirobodlik telefon o‘g‘risi 8 yilga qamaldi

Mirobodlik telefon o‘g‘risi 8 yilga qamaldi

“Huquq” gazetasining yozishicha, Sohib Jo‘rayev (ism-familiyalari o‘zgartirilgan) ilgari sudning hukmi bilan o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan bo‘lsa-da, o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan, mast holatda, o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida ko‘cha “sayr”iga chiqadi.

U oldindan reja qilib, yo‘nalishda yuruvchi avtobuslardan biriga o‘tiradi va o‘ziga “o‘lja” qidira boshlaydi. Uning e’tiborini voyaga yetmagan Z.Xaldarovning sumkasi yon cho‘ntagidagi bahosi 520 ming so‘mlik uyali aloqa telefon apparati tortadi. Kissavur egasiga sezdirmay, telefonni olib qo‘yadi. Avtobus keyingi bekatga yetganida esa tushib, voqea joyidan yashirinmoqchi bo‘ladi. Yaxshiyamki, avtobusdagi bir fuqaro bu jarayonga befarq bo‘lmagan ekan. Odamlarning ogohligi bois Sohib Jo‘rayev ashyoviy dalil bilan ushlanadi.

Sud hukmi bilan S.Jo‘rayevga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.