Mirzaobodda ham «Raqamli texnologiyalar markazi» ochildi

  •   DiMaX
  •  592
  •  23.03.2019 09:19

Mirzaobodda ham «Raqamli texnologiyalar markazi» ochildi

Kecha – 22 mart kuni «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasining Sirdaryo viloyati filiali Mirzaobod tumani telekommunikatsiya bog‘lamasi ma’muriy binosida «Raqamli texnologiyalar markazi» o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmatiga tayanib O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bergan.

O‘QING: Namanganda «Raqamli texnologiyalar markazi» tashkil etildi

Joriy yil 19 mart kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosiga asosan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Sirdaryo viloyatining barcha shahar va tumanlarida bu kabi markazlar tashkil qilish konsepsiyasi ishlab chiqildi.

Mirzaobod tumanida ochilgan yangi Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi ushbu topshiriqlar ijrosidir. Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan markazning tantanali ochilishida davlat va jamoat tashkilotlari, ta’lim muassasalari vakillari, soha mutaxassislari qatnashdi.

Unda mamlakatimiz yoshlariga e’tiborni kuchaytirish, ularni axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar amaliy ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.

Zamonaviy kompyuterlar va zarur jihozlar bilan ta’minlangan dargohda yoshlarga axborot texnologiyalari, dasturlash, robototexnika, kibersport asoslari va elektron tijorat sohasida innovatsion tadbirkorlik yo‘nalishida o‘quv kurslari tashkil etiladi. Uch yosh toifasi bo‘yicha, ya’ni 9-15, 16-19 va 20-25 yoshdagi ta’lim oluvchilar bu yerda bosqichma-bosqich ta’lim oladi.

Shuningdek, markazda yoshlarni kompyuter sportiga (kibersportga) jalb qilish, kibersport qoidalarini o‘rgatish, turli o‘yinlar bo‘yicha guruhlarni shakllantirish, jamoaviy o‘yinlar amaliyotini tashkil etish, respublika miqyosida musobaqalar o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan.

O‘QING: Telekommunikatsiya tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik qobiliyati viloyat markazlarigacha 4 barobarga oshiriladi!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!