“MIT.UZ” g‘oliblari aniqlandi  

“MIT.UZ” g‘oliblari aniqlandi   

Bugun poytaxtimizdagi muhtasham “Turkiston” saroyida “Kamolot” YoIH tomonidan sifatli internet-resurslarini yaratish, ommalashtirish, yosh veb-dizayner va dasturchilarni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning keyingi faoliyatini samarali tashkil etishga ko‘maklashish, internetning yoshlar uchun mo‘ljallangan segmentini kengaytirish va rivojlantirish maqsadida 2013 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan “mit.uz” tanlovining 2015 yilgi g‘oliblari aniqlandi.

Tashkilot Axbrot xizmati xabarlariga qaraganda, 2013-2015 yillar davomida tanlovda 3 mingga yaqin yoshlar ishtirok etib, ular tomonidan mingga yaqin fotojamlanmalar va 1300 dan ortiq veb-saytlar taqdim etilgan. Va yildan yilga bu tanlovning nufuzi, ishtirokchilar soni, taqdim etilayotgan loyihalar miqdori ham ortib bormoqda.

Masalan, 10 ta asosiy va 6 ta qo‘shimcha nominatsiyalarda o‘tkazilayotgan tanlovda 2013 yilda veb-dasturchilar va dizaynerlar tomonidan 200 dan ortiq veb-saytlar taqdim etilgan bo‘lsa, tanlovning joriy yildagi bosqichlariga topshirilgan veb-saytlarning soni 4 barobarga ortib, 809 tani tashkil etdi. Mazkur saytlarning 40 foizini joriy yilda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan saytlar tashkil etadi.

Shuningdek, tanlov ishtirokchilarini tantanali taqdirlash marosimi doirasida ko‘rgazma tashkil etildi va unda yangi informatsion texnologiyalar, dasturlar va rang-barang loyihalar namoyishga qo‘yildi.

Tanlovning asosiy qismida g‘olib va sovrindorlar nomi e’lon qilinib, ularga maxsus mukofot hamda sovg‘alar topshirildi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.