MIT.uz milliy internet tanlovining taqdirlash marosimi 6 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi

MIT.uz milliy internet tanlovining taqdirlash marosimi 6 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi

«Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan «Sog‘lom axborot muhiti sari» shoiri ostida tashkil etilgan 2015 yilgi «Milliy internet tanlovi» (MIT.uz)ning taqdirlash marosimi 6 oktyabrga qoldirildi. Bu haqda harakat rasmiy saytida 18 sentyabr kuni axborot berilgan.

«2015 yil 6 oktyabr kuni soat 18:00da «Turkiston» saroyida tanlov sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi. Taqdirlash marosimi davomida iqtidorli veb-dasturchilar tomonidan tayyorlangan eng yaxshi veb-ishlanmalar ko‘rgazmasi, turli o‘yinlar hamda marosimning shou-konsertiga guvoh bo‘lasiz», — deyiladi tashkilot axborotida.

Eslatib o‘tamiz, dastlabki reja bo‘yicha tanlovning taqdirlash marosimi 2015 yilgi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi — ICTWEEK doirasida 17 sentyabr kuni bo‘lib o‘tishi kerak edi. Tanlov nizomiga ko‘ra, ishtirokchilar 2015 yil 1 avgustgacha (keyinchalik muddat 1 sentyabrgacha uzaytirildi) ariza topshirishlari mumkin edi, taqdirlash marosimi sentyabr oyining uchinchi o‘n kunligida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan edi.

MIT.uz tanlovida yuridik shaxslar, shuningdek, 14-30 yosh oralig‘idagi jismoniy shaxslar qatnashishi mumkin. Unda «O‘zbekistonning boy madaniyati va san’ati, tarixi hamda istiqlol g‘oyalari va ma’naviy qadriyatlarini yorituvchi eng yaxshi sayt», «Mahalla, qishloq va shaharlardagi farovon hayotni yoritgan eng yaxshi sayt», «Davlat tilidagi eng yaxshi sayt», «Eng yaxshi yangiliklar sayti», «O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati aks etgan eng yaxshi sayt», «O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati aks etgan eng yaxshi sayt», «Davlat boshqaruvi sohasidagi eng yaxshi sayt», «Fan va ta’lim sohasidagi eng yaxshi sayt», «Ikki tilda yaratilgan eng yaxshi sayt», «Tibbiyot sohasidagi eng yaxshi sayt» kabi asosiy, shuningdek, «Yil mazmuniga doir eng yaxshi sayt», «Sport sohasida eng yaxshi sayt», «Mobil aloqa vositalari uchun mo‘ljallangan eng yaxshi dastur», «Eng yaxshi shaxsiy blog», «Eng yaxshi sayt dizayni», «Tarmoq servislari sohasidagi eng yaxshi sayt» kabi qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda 2007 yildan beri muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan UZ milliy domeni internet-festivali joriy yilda tashkil etilmadi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!