MIUI 9.5 Xiaomi smartfonlarini ishdan chiqarmoqda

MIUI 9.5 Xiaomi smartfonlarini ishdan chiqarmoqda

Xiaomi kompaniyasi bir fursat avval o‘zining smartfonlari uchun MIUI 9.5 proshivkasini e’lon qilgan edi. Shu kunlarda mobil aloqa qurilmasiga mazkur yangilanishni yuklab olgan foydalanuvchilar tizimning faoliyatidan shikoyat qilmoqdalar.

Ayniqsa, Mi MIX 2 hamda Mi 6 flagman modellarida MIUI 9.5 tizimi o‘rnatilganidan so‘ng operatsion tizimda nosozlik kelib chiqqan. Bu to‘g‘rida internet tarmog‘idagi Xiaomi forumida ham ma’lum qilingan.

MIUI 9.5 yangilanishini yuklab olgan smartfon egalarining so‘zlariga ko‘ra, yangi tizim o‘rnatilganidan so‘ng mobil qurilmalarda ogohlantirish va messenjerlardan xabarlar kelmay qolgan, smartfonlarning quvvati tez tugab, mobil qurilma faoliyat chog‘ida qizib ketgan.

Xitoylik korporatsiya mazkur nosozlikni tasdiqlab, bundan xalos bo‘lishning yo‘lini ma’lum qilgan. Xiaomi mutaxassislariga ko‘ra, foydalanuvchilar Google Framework hamda Google Mobile Services xizmatlarini vaqtincha o‘chirib qo‘ysalar, nosozlik bartaraf qilinadi va kompaniya tez orada bu muammoga yechim topadi.

Shu bois, aniy vaqtda MIUI 9.5 tizimini yuklab olgan foydalanuvchilar Gmail, YouTube, Google Play va boshqa xizmatlarni o‘chirib qo‘ymoqdalar. Proshivka bilan bog‘liq nosozlik amerikalik Google korporatsiyasi bilan bog‘liq.

Shu bilan birga, ayrim foydalanuvchilarning so‘zlariga ko‘ra, MIUI 9.5 yangilanishidan so‘ng smartfonlarda budilnik ilovasi yaxshi ishlamay qolgan. Xiaomi bu muammoni ham Google Framework hamda Google Mobile Services xizmatlarining noto‘g‘ri ishlashi bilan izohlagan.

Xiaomi bunday muammolarni tezkor hal qilishi bilan nom qozongan. Shunday ekan, xavotirga o‘rin yo‘q.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!