Mobil internet: yangi reyting e’lon qilindi

Mobil internet: yangi reyting e’lon qilindi

OpenSignal resursi eng yaxshi mobil internetga ega bo‘lgan mamlakatlar reytingini e’lon qildi. Resurs foydalanuvchilarning smartfonlariga o‘rnatilgan tegishli ilova orqali (Android va iPhone) dunyodagi turli hududlarda mobil tarmoqning tezligi, qoplami va barqarorligini tekshiradi.

Shu oyda e’lon qilingan hisobot joriy yilning may-iyul oylarida taxminan 800 000 ta foydalanuvchilarning telefonlaridagi ilova yordamida olingan ko‘rsatkichlar asosida 95 ta mamlakat misolida tayyorlangan. Unda 3G/4G signallarining mavjudligi, tarmoqqa ulanishga sarflanadigan vaqt, yuklash va yuklab olish tezliklari kabi parametrlar hisobga olinadi. Bundan tashqari, ilova foydalanuvchilarning Wi-Fi yoki mobil internetdan foydalanish vaqtini ham kuzatib boradi.

Hisobotga ko‘ra, reytingda ishtirok etgan 95 ta mamlakatdan 93 tasida 3G qoplami mavjud bo‘lib, foydalanuvchilarning aksariyati 75% vaqtni aynan mana shu standartga ulangan holda o‘tkazar ekan.

Mobil tarmoq yaxshi rivojlangan mamlakatlar – Janubiy Koreya, Yaponiya, Isroil, Singapur va Finlandiyadagi foydalanuvchilarga 93% holatda 3G va undan yuqori standartlarga ulanish ta’minlangan ekan.

Albatta, mobil tarmoq qoplami va undagi tezlik bir-biridan farq qiladi. Resurs ma’lumotlariga asosan Janubiy Koreya sekundiga o‘rtacha 41.34 megabit tezlik bilan ro‘yxatda yetakchilik qilmoqda. Eng sifatsiz tezlik esa Afg‘onistonda qayd etilgan – sekundiga 2.2 megabit.

AQSh sekundiga 12.34 megabit tezlik bilan Vengriya (26.15Mbps), Litva (21.47Mbps) va Xitoy (17.95Mbps) kabi davlatlardan ortda qolmoqda.

Rossiya ro‘yxatda sekundiga 8.5 megabit bilan Quvayt, Chili, Perudan keyingi o‘rinni band etgan.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!