Mobil trafikni tejash uchun Google’dan yangi ilova!

  •   DiMaX
  •  9211
  •  30.06.2017 17:53

Mobil trafikni tejash uchun Google’dan yangi ilova!

Ko‘pchilik mamlakatlar qatori, o‘zimizda ham ko‘pchilik internet foydalanuvchilari trafikni tejashga harakat qilishadi. Biroq smartfonlarda bu sal mushkulroq – ayrim ilovalar bizdan beruxsat o‘z-o‘zini yangilaydi, ma’lumotlarni sinxronlaydi… Xullas, mobil trafikning sarfini nazorat qilishga, tejashga zarurat mavjud. Bunda esa endi bizga Google’ning yangi – Triangle ilovasi qo‘l keladi.

Android  tizimi uchun ishlab chiqilgan Triangle ilovasi nafaqat mobil ulanish orqali ma’lumotlar uzatishni nazoratga oladi, balki trafikni tejash uchun bir qancha jihozlarni ham taklif qiladi.

Ilovaning bosh ekranida trafikni sarflayotgan asosiy dasturlar ro‘yxati chiqib turadi. Sukut bo‘yicha smartfoningizda internetga ulanish uchun barcha ilovalarga ruxsat berilgan bo‘ladi. Ulardan ayrimlarining ruxsatini cheklash, umuman, trafikni tejash uchun Triangle’ning pastki qismidagi Data Saver pereklyuchatelini faollashtirib qo‘yish kerak.

Tejamkorlik rejimida mobil trafigingizdan faqat «oq ro‘yxat»dagi bir nechta ilova hamda tizim xizmatlarigina foydalana oladi. Boshqa dasturlarning internetga ruxsati cheklab qo‘yiladi; buni Triangle’da ularning nomi yonida paydo bo‘luvchi qulfcha belgisidan ham bilish mumkin.

Agarda siz bu – harakati cheklangan ilovalardan birortasining mobil internetdan foydalanishiga ruxsat bermoqchi bo‘lsangiz, ilovada uning nomi ustiga bosasiz. Pastga ochiluvchi menyudan uning uchun ruxsatni qancha muddatga ochmoqchi ekaningizni tanlaysiz.

Shuningdek, har gal biror ilova mobil ulanish orqali ma’lumot almashishga uringanida, Triangle’ning qalqib chiquvchi oynasi paydo bo‘ladi, unda ham xuddi shu amalni bajarib, unga qancha vaqtga ruxsat berish yoki bermaslikni o‘zingiz hal qilasiz.

Aytish kerakki, Triangle hozircha sinov bosqichida, shu bois uning turli modeldagi yoki hududdagi qurilmalarga o‘rnatilishida cheklovlar bo‘lishi mumkin. Shu bois, agarda uni mana bu havola yordamida Google Play’dan yuklay olmasangiz, ushbu havola orqali APK Mirror saytiga o‘tib, uning APK formatidagi o‘rnatiluvchi faylini olib o‘rnatish imkoni mavjud. Darvoqe, ilova Android 5.0 va undan keyingi tizim versiyalarida ishlaydi.

Xo‘sh, tejamkorlikning yangi imkoniyatidan hoziroq foydalana boshlaymizmi?

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!