Mobile World Congress: LG G5 va uning ajralmas do‘stlari. Taqdimotdagi yangiliklardan.

Mobile World Congress: LG G5 va uning ajralmas do‘stlari. Taqdimotdagi yangiliklardan.

Bir oz avval xabar berganimizdek, LG navbatdagi smartfoni bilan mobil qurilmalari bozoriga yangi o‘ziga xosliklarga ega flagman bilan kirib keldi.

500 dan ziyod OAV hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tgan taqdimotni kompaniyaning mobil qurilmalari bo‘yicha direktori Cho Juno ochib berdi. Janob Cho so‘zida smartfon kelajagi hali imkoniyatlarga boyligini ta’kidladi va hayot do‘stlar bilan go‘zal ekanligini aytib, kompaniya  G5 uchun tuslanadigan dizayn tanlaganini aytdi.

Ya’ni, qo‘shimcha aksessuarlar yordamida gadjetning imkoniyatlari yanada oshadi. Buning uchun esa smartfonning ostki qismiga “Magic Slot”, ya’ni “mo‘’jizali bo‘lmacha” mavjud. Qo‘shimcha qurilmalarni mana shu bo‘lmacha yordamida smartfonga ulash mumkin.

“G5’ning tashqi qo‘shimcha apparatlar bilan birikuvi LG taklif qilayotgan mobil qurilmalar ekotizimining mustahkamlanishiga xizmat qiladi,” deydi janob Cho.

Kompaniyaga qarashli yirik LG Display, LG Chem va LG Innotek ilmiy-tadqiqot muassasalarining sa’y-harakatlari bilan yangi flagman namoyish, tasvirga olish va akkumulyator texnologiyasining so‘nggi yutuqlari bilan kuchaytirilgan.

Nihoyat dizayn masalasida kompaniya charmli qoplamalardan voz kechib, to‘liq metall korpusdan foydalana boshlabdi.

Taqdimotning asosiy qismi “LG va uning do‘stlari”ga bag‘ishlandi. Ya’ni, xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan qo‘shimcha gadjetlar ham namoyish qilindi. Ularning ba’zilari simsiz, ba’zilari Type-C porti, qolganlari smartfonning quyi qismidagi bo‘lmacha orqali telefonga ulanadi.

CAM Plus qurilmasini o‘rnatib, bir qo‘lda ham sifatli suratlar olish mumkin. Qurilma telefon apparati bilan birlashgach, bitta qo‘lda ham surat yoki tasvirga olish, yaqinlashtirish, LED fotochaqnoqni yoqish mumkin. Bu qurilmaning qo‘shimcha 1200 milliamper soat tok sig‘imiga ega akkumulyatori LG G5 uchun qo‘shimcha quvvat manbaidir.

Navbatdagi – Daniyaning Bang & Olufsen (B&O) – audio va videotizimlar yaratuvchi kompaniyasi bilan hamkorlikda yaratilgan “Hi-Fi Plus” qurilmasi ajraluvchi Hi-Fi DAC audio pleyeridir. Bu aksessuar smartfonning yuqori sifatli, tiniq audio va ovoz imkoniyatlarini ta’minlaydi. Yaxshi tomoni undan alohida yoki kompyuterda ham foydalanish mumkin.

Boshqa bir ajoyib qurilma – 360 VR, bu – virtual voqelik ko‘zoynagidir. U G5’ga kabel yordamida ulanadi va foydalanuvchi virtual tasvirlardan bahramand bo‘ladi. Shuningdek, unda LG’ning 360 CAM qurilmasida olingan videotasvirlarni ham ko‘rish mumkin.

360 CAM – ixcham kamera bo‘lib, 2 ta 13 MP.li kichkina kameralarga ega. U 200 darajadagi keng burchakli tasvir oladi. Bu aksessuarda 3 ta mikrofon va 4 GB hajmdagi ichki xotira fleshkasi, 1200 mAs akkumulyator mavjud. Uning yordamida 2K formatidagi sifatli tasvir va surat olib, Google Street View tizimi va YouTube’ning 360 daraja burchak ostida olingan videolar tizimiga yuklash mumkin. Uning yordamida olingan surat va tasvirda yon-atrofni to‘liq ko‘rish mumkin.

LG G5’ning navbatdagi “o‘yinqaroq” gadjeti bu – Rolling Bot, ya’ni dumalayotgan robot sharcha. Bu o‘yinchoq emas, kichkinagina monitoring va kuzatuv tizimi bo‘lib, xona bo‘ylab dumalab, yo‘qolgan va zarur narsalarni topishga yordam beradi. O‘z navbatida uning yordamida uydagi mushuk bilan quvlashmachoq o‘ynasa ham bo‘ladi. Uning WiFi texnologiyasiga ulanuvchi 8 MP.li kamerasi, ovoz uzatgich va mikrofoni va boshqaruv pulti mavjud.

So‘nggi – qo‘shimcha qurilmalar, bu – audio quloqchin va dronlarni boshqarishga mo‘ljallangan aqlli boshqaruv pultidir. TONE Platinum quloqchini Hi-Fi audioni qo‘llab-quvvatlovchi ilk Bluetooth texnlogiyasi ishlaydigan ilk quloqchindir. Uning gardishi po‘latdan tayyorlangan.

Aqlli boshqaruv pulti yordamida G5 smartfoni dronning barqaror va maqsadli harakatlanishini ta’minlaydi.

Taqdimotda bu qurilmalar hayotda do‘st va yaqinlar bilan munosabatlarni mustahkamlash, hayotdan zavqlanishga va hayotni go‘zal qilishga xizmat qilishi ta’kidlandi.