Monitor ishlamasligi sabablarining yechimi

Monitor ishlamasligi sabablarining yechimi

Monitor ishlamasligi sabablarini keltirib o‘tdim, endi sabablardan kelib chiqqan holda muammoni yechishga harakat qilamiz, maqola monitorning barcha turlariga tegishli(monitor turlari haqida). Dastlab, monitorni to‘g‘ri ulanganligiga e’tibor bering(agar ulashni bilmasangiz, biladiganlardan so‘rang, uyalmang). Quyidagi rasmda monitorni kompyuterga ulash sxemasi keltirilgan.

connect_1

Ulanish boshqa port(HDMI) orqali amalga oshirilishi ham mumkin. Kompyuterni yoqdingiz, tizimli blok(sistemniy blok) ishga tushdi, lekin monitor yonmadi, ya’ni monitor indikatori(chirog‘i) yonmadi. Bu vaziyatda quyidagi ishlarni amalga oshirish lozim:

1. Dastlab, monitorni yoquvchi tugmasini(POWER) bosib ko‘ring. Ko‘p hollarda monitor tugma orqali o‘chirilmaydi, lekin kimdir shu orqali o‘chirib qo‘ygan va siz buni bilmagan bo‘lishingiz mumkin.

2. Agar monitor yonmasa, bu degani monitorga elektr toki yetib bormadi. Monitorni elektr manbaiga ulaganda, monitor indikatori qizil yoki sariq rangda yonishi lozim, bu hol monitor kompyuterga ulanmagan holda ham sodir bo‘lishi lozim. Elektr manbaini rozetkada mavjudligini tekshirish kerak. Buning uchun shu rozetkaga biror boshqa qurilmani ulab ko‘ring yoki maxsus tok mavjudligini tekshiruvchi indikatorli qurilmadan foydalaning.

3. Elektr toki mavjudligini aniqlashtirib oldik. Monitor yonmasligiga yana bir sabab, bu ulanuvchi sim(kabel)dir. Elektr ta’minoti bilan monitorni ulovchi kabel yaxshi ulanganiga ishonch hosil qiling, yaxshisi bu kabelni monitordan uzib, qaytadan ulang.

4. Kabel yaxshi ulangan bo‘lsa, kabel ichida qandaydir uzilish bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Buni tekshirish uchun, shunday tipdagi boshqa kabel topib almashtirib, ulab ko‘ring.

5. Yuqoridagilarni bajargandan so‘ng ham monitor yonmasa, monitorning ichki sxemasi buzilgan, ya’ni monitor fizik buzilgan hisoblanadi, bu holda monitorni ustaga ko‘rsatish lozim.

Demak, davom etamiz, monitorning indikatori yondi, lekin hech narsa ko‘rsatmayapti, bu muammoni hal qilish uchun quyidagilarni amalga oshirish lozim:

1. HDMI, VGA, DVI portlarga ulanuvchi kabellar yaxshi ulanmagan, uzib qaytadan yaxshilab ulash lozim. Iloji bo‘lsa, qotiriluvchi aylantirgichlarni yaxshilab aylantiring.

2. Monitor bilan kompyuterni bog‘lovchi kabel nosoz, ya’ni kabel ichidan uzilgan. Buni tekshirish uchun, boshqa kabel topib almashtirib ko‘ring.

3. Videokarta nosoz. Bu ko‘p uchraydigan holatlardan biri. Kompyuter ichini ochib, videokartani ko‘ring, undagi parraklar aylanmoqdami yo‘qmi. Videokarta motherboard(materinskaya plata)ga yaxshi ulanganmi, slotdan biroz bo‘lsa ham chiqib qolmaganmi, shu joylariga ahamiyat bering. Demak, gap videokartada bo‘lishi mumkin. Agar usta topa olsangiz videokartani tuzating aks holda boshqasini olishdan boshqa ilojingiz yo‘q.

4. Yana bir sabablardan biri, monitorning drayveri noto‘g‘ri ishlamoqda, yoki noto‘g‘ri drayver o‘rnatilgan. Bu holda xavfsiz rejimga kirib drayverni tekshirish lozim.

5. Monitor operatsion tizim orqali noto‘g‘ri sozlangan, o‘lchamlari yoki chastotasi monitor yonishini qoniqtirmaydi, bu holda boshqa monitor topib(past chastotalarda ham ishlaydigan), operatsion tizimga kirib, sozlashlarni to‘g‘irlang.

6. «Materinskaya plata»dagi janubiy ko‘prik(yujniy most) ishdan chiqgan bo‘lishi mumkin. Bu ko‘prik videokartani ishlashini ta’minlaydi, agar bu ko‘prik ishlamasa, videokarta ishlamaydi, bu degani monitor yonmaydi. Buni tekshirish uchun tizim blokini ochib, u yerdan janubiy ko‘prikni topish lozim va qo‘l bilan tegib qizish yoki qizimasligini bilish kerak. Odatda bu ko‘prik qizimasligi lozim(tekshirish albatta kompyuterni o‘chirgan holda amalga oshirilishi shart).

7. Protsessorning nosozligi ham, monitorni ishlamasligiga sabab bo‘lishi mumkin, lekin bu haqida kompyuter yonganda ovoz orqali xabar beradi(ko‘p hollarda). Bu holda kompyuter ishlayverishi mumkin, lekin monitor yonmaydi.

Agar monitor yonib, biosdan u yog‘iga o‘tmasa, demak operatsion tizimda muammolar bor, bu holni bartaraf qilish uchun, xavfsiz rejim orqali kirib operatsion tizimni sozlash kerak.

Yuqoridagi sabablar, monitorni ishlamasligiga olib kelishi mumkin, bu hollarda qanday harakat qilishni bilib oldingiz, agar boshqa variantlar bo‘lsa, kommentariyda qoldiring.

Manba: ITportal.uz

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!