MTS «O‘zbekistondagi poralar» ishi tufayli amerikalik huquqshunoslardan da’vo arizasi oldi

  •   DiMaX
  •  715
  •  22.03.2019 10:48

MTS «O‘zbekistondagi poralar» ishi tufayli amerikalik huquqshunoslardan da’vo arizasi oldi

Amerikaning Rosen Law yuridik firmasi «Mobilniye telesistemi» shirkatiga qarshi sinfiy da’vo bilan chiqdi. Bu to‘g‘rida «Interfaks» xabariga asoslanib «Daryo» nashri yozmoqda.

O‘QING: MTS O‘zbekistondagi sho‘’ba korxonasini 1 dollarga sotdi

Rosen Law xabarida aytilishicha, 2014 yil 19 martdan 2019 yil 7 martgacha bo‘lgan davrda Rossiya kompaniyasi qimmatli qog‘ozlarini sotib olgan barcha investorlar unga qo‘shilishi mumkin.

Da’volar MTS kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatiga aloqador korrupsiyaga qarshi tekshiruv bilan bog‘liq. Uning yakunlariga ko‘ra, 7 mart kuni e’lon qilinganidek, operator AQSh hukumatiga jami 850 million dollar to‘lab beradi.

Rosen Law’ning bildirishicha, MTS kompaniya korrupsion sxemalarga jalb etilgani haqidagi ma’lumotni investorlardan yashirgan, uning doirasida 420 million dollar miqdorida pora berilgan, shuningdek, bozorga surishtiruvlarning ehtimoliy oqibatlari ko‘lamini sezdirmagan.

O‘QING: Mobil operatorlar bizdan nimani yashirmoqda?

AQSh mahkamalari 2014 yildan beri operatorning O‘zbekistondagi biznesi bo‘yicha MTSga nisbatan korrupsiyaga qarshi surishtiruv o‘tkazgan. Amerika hukumatining bildirishicha, MTS, VEON (avvalgi Vimpelcom Ltd.) va Telia O‘zbekiston telekommunikatsiya bozoriga kirish maqsadida mamlakat sobiq prezidenti oilasi bilan bog‘liq tuzilmalarga ko‘p millionlik poralar uchun soxta kompaniyalar hamda konsultativ shartnomalar tarmog‘idan foydalangan. VEON surishtiruv yakunlari bo‘yicha 2016 yilda 795 million dollar, Telia Company esa 965 million dollar jarima to‘ladi.

2016 yilda MTS O‘zbekistondagi biznesdan chiqib, mahalliy hukumatga Universal Mobile Systems (UMS) operatoridagi 50,01 foiz aksiyalarni ramziy 1 dollarga sotdi. Shu tariqa, 2014 yilda O‘zbekiston bozoriga qaytganidan so‘ng, MTS mamlakatdan yakuniy chiqib ketishiga qadar ikki yil ham ishlamadi. Avvalroq, MTS O‘zbekistondagi biznesni yo‘qotgan edi – 2012 yilda operator sho‘’basi «Uzdunrobita» – o‘sha vaqtda abonent bazasi 9,3 million kishi bo‘lgani holda o‘zbek aloqa bozorida yetakchi bo‘lib turgan kompaniya litsenziyadan mahrum etildi. 2014 yil oxirida MTS barcha da’volarni hal qilish bo‘yicha rasmiylar bilan kelishuv bitimini imzoladi. Natijada, MTS kompaniyasi UMS’ning 50,01 foizini, «Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi» DUK (O‘zbekiston sobiq Davlat aloqa qo‘mitasi tuzilmasi) 49,99 foizini oldi. Qo‘shma korxona «Uzdunrobita»ning infratuzilmasi va uskunalarida ishlagan.

Sinfiy da’vo (class action) – aksiyadorlarining cheklanmagan doirasi tomonidan kompaniya emitentining o‘ziga, rahbariyatiga yoki direktorlar kengashi a’zolariga qarshi da’vo qo‘yilishi. Ushbu amaliyot AQShda eng keng tarqalgan bo‘lib, ko‘plab yuridik firmalar unga ixtisoslashgan.

Rosen Law – bozorning bu segmentidagi yetakchilardan biri. Sinfiy da’voga kompaniya kapitallashuviga salbiy ta’sir ko‘rsatgan har qanday hodisa olib kelishi mumkin, deyiladi xabarda.

O‘QING: Speedtest sinovidan «jonli» video: O‘zbekistonda qaysi uyali aloqa operatorining interneti eng tezkor?

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!