Muhim sabab bilan "kirpich-smartfon"lar qaytadi

Muhim sabab bilan

Yaqin-yaqingacha ham mobil aloqa telefonlariga nisbatan "kirpich" degan sifat ishlatib kelinar edi. Odatda yirik va beso‘naqay telefonlar xalq orasida ana shunday nomlanadi. Biroq, so‘nggi yillarda mobil qurilmalar nihoyatda nafislashib, nafaqat aloqa vositasi, balki qaysidir ma’noda bizni bezab turadigan yaqin aksessuarga aylandi.

Ayni paytda sayyoramiz bo‘ylab bir nechta mamlakatlarda yangi avlod aloqa tarmog‘i hisoblangan 5G texnologiyasini yaratish yuzasidan yirik izlanishlar olib borilmoqda. Tadqiqot natijalarini e’lon qilib boruvchi LightReading nashrining fikricha, 5G-stnadartini qo‘llab-quvvatlaydigan ilk smartfonlarning dizayni hozirgi silliq va suyri ko‘rinishdagi gadjetlardan farqlanadi. Aniqrog‘i ularning dizayni yana qo‘pol ko‘rinishga kelishi mumkin.

So‘nggi bir necha yillardan buyon smartfonlar har jihatdan jiddiy va ijobiy o‘zgarishlar bilan boyidi. Smartfon ishlab chiqaruvchilar, dizaynerlar jozibador ko‘rinishdagi devayslarni yaratish ustida uzoq tadqiqot va tajribalar olib bordilar.

Telefonlar korpusi yupqalashib, ekranlari atrofidagi hoshiyalar qisqardi, old panelda ekran ulushi oshdi, antenna hamda boshqaruv tugmalari, elementlar muntazam kamayib kelmoqda. Biroq to‘satdan hammasi yana avvalgi holga qaytishi mumkin. Buning bosh sababi esa 5G standartining smartfon dizayni bilan bog‘liq bir qancha talablari.

Gap shundaki, smartfon o‘ta tezkor ishlashi uchun unga tamomila boshqa chastota spektri kerak bo‘ladi. Bugun bizga va fanga ma’lum radioto‘lqinlardan farqli ravishda, yangi aloqa tarmog‘i ishlaydigan 5G signallari hozircha uzoq masofada tarqalishga qodir emas. Bu esa ilg‘or aloqa signallarining bino ichini to‘liq qamrab olishida muammo tug‘diradi. Shuning uchun ham, aksariyat ekspertlarning fikriga ko‘ra, ilk 5G-smartfonlari kuchli antennalar bilan ta’minlanadi.

Ehtimol, vaqt o‘tib muhandislar bu muammoni ham ijobiy hal qilish chorasini topsalar kerak. Buning uchun ular yuqori darajada sezgir ixcham signal qabul qiluvchi qurilmalarni yaratishlari kerak bo‘ladi. Hozirgi signal qabul qiluvchi qurilmalar esa qalin va qo‘shimcha qismlarga ega smartfon korpusini talab qiladi.

Sezilarli darajadagi antennalar esa bugungi nozikta’b smartfon foydalanuvchilari uchun malol keladi. Ularning bunday ko‘rinishdagi gadjetlarga ko‘nikishi qiyin bo‘lgani uchun avvaliga mazkur smartfonlarning ommalashuvi ham sekin bo‘ladi. Shu bilan birga, tannarxning oshishi evaziga innovatsion gadjetlarning bahosi ham qimmat bo‘ladi. Shuning uchun ham aksariyat kompaniyalar 5G uchun flagman apparatlarni ishlab chiqarishga shoshmaydilar.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!