MWC 2018: iPhone X'ning 150 dollarlik nusxasi namoyish qilindi

MWC 2018: iPhone X'ning 150 dollarlik nusxasi namoyish qilindi

Xitoyning hamyonbop mobil aloqa qurilmalari bilan nomi chiqqan Leagoo kompaniyasi bugun Barselonada S9 deb nomlangan smartfon modelini taqdim etdi. Mazkur smartfonga oid ilk xabarlar 2017 yilning dekabrida tarqalgan edi.

iPhone X flagmaniga havas qilib yaratilgan smartfonlarni bog‘lab turuvchi o‘xshashlik - ularning old paneli yuqorisidagi o‘yiqdir. Leagoo S9 ham ana shunday "g‘aroyib peshona"ga ega bo‘lgan.

Smartfon old panelidagi ushbu maydonda Face Access deb nom olgan va foydalanuvchi qiyofasini skaner qiladigan sensor o‘rin egallagan. Uning yordamida smartfonni blokirovkadan chiqarish mumkin.

Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, telefon apparatini blokirovkadan chiqarish uchun smartfonga 0,1 sekund vaqt kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, devaysda xavfsizlikni ta’minlashning boshqa muqobili, ya’ni barmoq izi skaneri ham tatbiq qilingan. Mazkur sensor gadjetning orqa panelida o‘rnatilgan.

Leagoo S9 modeli 5,85 dyuymli IPS-displeyga ega bo‘lgan va uning piksellar sig‘imi HD+. Smartfon 4 gigabayt hajmidagi tezkor xotirasi bilan foydalanuvchini xursand qiladi.

Leagoo S9 samaradorligi uchun 8 yadroli protsessor tanlangan. Hozircha bu chipning aniq modeli ma’lum qilinmagan.

Smartfon 3300 mA soat sig‘imli akkumulyatorga ega bo‘lgan. Doimiy xotira uchun 32 gigabaytli virtual maydon mavjud. Uni microSD bo‘lmachasi orqali yanada kengaytirish mumkin. Operatsion tizim ham ilg‘or - Android 8.0 Oreo. Bularning barchasi uchun 150 AQSh dollari so‘ralmoqda!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!