Nafaqat yaxshi quloqchin, balki himoya farishtasi!

Nafaqat yaxshi quloqchin, balki himoya farishtasi!

Sifatli eshitish vositalari musiqa tinglayotganingizda, film tomosha qilayotganingizda yoki o‘yin o‘ynayotganingizda sizga zavq bag‘ishlaydi, lekin ular hayotingizni ham saqlab qolishi mumkinligi yetti uxlab tushingizga kirmagan.

Kaliforniyalik 18 yoshli Reddit foydaluvchisini ijtimoiy tarmoqda o‘zining ajoyib hikoyasi bilan o‘rtoqlashdi. Uning aytishicha, o‘tgan hafta chorshanba tongida noma’lum o‘q uning yotoqxonasi oynasidan kirib, u taqib turgan naushnik tasmasiga tekkan. Baxtga qarshi Razer tomonidan ishlab chiqarilgan, 79 dollarlik Kraken naushnigi ekanligi aytilayotgan eshitish vositasi 9 millimetrlik o‘qni qaytargan va o‘q devorga tegib, foydalanuvchining divaniga tushgan.

"Buni o‘qib turgan barchaga salom. Men Razer'dan kimgadir bog‘lanishga harakat qilyapman, ularga chin yurakdan minnatdorchilik bildiraman. Chorshanba kuni ertalab soat 10:30 da adashgan o‘q mening derazamdan o‘tib, boshimdagi Razer naushniklariga tegdi. agar yaxshi sifatli naushniklar bo‘lmaganida men 18 yoshimda o‘lgan bo‘lardim. Oilam va do‘stlarim qancha azob chekishlarini tasavvur ham qila olmayman." deydi Enough_Dance_956 nomli Reddit foydalanuvchisi.

Omadli foydalanuvchining qo‘shimcha qilishicha, adashib otilgan o‘q bir blok naridan uchib kelgan. O‘qni olish uchun politsiya ham chaqirilgan.

Razer Kraken juda mustahkam konstruksiyaga ega ko‘rinadi. O‘qni naushnik bosh kamaridagi metall tasma qaytarib yuborgan. Agar u to‘liq plastikdan yasalgan bo‘lganda, yuqoridagi holatda naushnik himoya qila oladi deyish qiyin bo‘lar edi.

Bo‘lib o‘tgan voqelardan keyin Razer foydalanuvchiga aloqaga chiqqan va naushnikni alishtirish taklifini bergan. Biroq Enough_Dance_956 ularga rad javobini aytib, ularga shunchaki rahmat aytmoqchiligini ma’lum qilgan.

O‘QING: Toza musiqa va toza havo

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.