Nega samolyot saloniga gadjetlarni olib chiqish taqiqlanmoqda?

Nega samolyot saloniga gadjetlarni olib chiqish taqiqlanmoqda?

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati mamlakatga Yevropadan keladigan samolyot salonlariga noutbuk hamda boshqa elektron qurilmalarni olib chiqishni taqiqlashni rejalashtirmoqda.

2017 yilning martida xuddi shunday taqiq Yaqin Sharq mamlakatlaridan uchib kelayotgan samolyotlarga nisbatan tatbiq qilingan edi. Ya’ni, 21 martdan so‘ng to‘g‘ridan-to‘g‘ri bu mamlakatlardan uchib kelayotgan passajirlarning samolyotga smartfon va salomatlik uchun zarur qurilmalardan tashqari, barcha turdagi elektron vositalarni bortga o‘zlari bilan olib chiqishlariga chek qo‘yildi.

Bu orqali AQSh elektron qurilmalar orqali portlovchi vositalarni olib o‘tishga urinmoqchi bo‘lgan terroristlarning jinoyatlariga chek qo‘yishni reja qilgan. AQSh Ichki xavfsizlik masalalar bo‘yicha vazirlikning ma’lum qilishicha, terrorchi jangarilar zo‘ravonlikning “innovatsion usuli”dan, ya’ni bomba va boshqa portlovchi moddalarni noutbuklarga yashirib samolyotga olib chiqishga urinib, teraktlar sodir etishlari mumkin.

AQSh Ichki xavfsizlik masalalar bo‘yicha vazirlik matbuot kotibi Jillian Kristensenga ko‘ra, AQSh hukumat mamlakat osoyishtaligiga xavf solayotgan tahdidlarni hisobga olgan holda xavfsizlikni ta’minlash choralarini ko‘rmoqda.

AQShdan so‘ng Buyuk Britaniya ham Yaqin Sharqning 6 ta davlati, aniqrog‘i Turkiya, Livan, Iordaniya, Misr, Tunis hamda Saudiya Arabistonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchib keladigan yo‘lovchilarga samolyot bortiga noutbuk va boshqa elektron qurilmalarni olib chiqishni taqiqladi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.