Neuralink odamni kiborgga aylantirmoqchi – bu qanchalar xavfli?

Neuralink odamni kiborgga aylantirmoqchi – bu qanchalar xavfli?

Neuralink – inson miyasi hamda kompyuterni o‘zaro bog‘lab qo‘yish texnologiyasini rivojlantirayotgan kompaniya. Ehtimol, bu sizga yoqmas, ammo uning mohiyati bilan tanishsangiz fikringiz o‘zgarishi mumkin.

Insonga muloqotni yaratishi uchun asrlar kerak bo‘lgan: avval olov va imo-ishora orqali muloqot qilish, so‘ng tovushli gaplashish, undan keyin yozuv kashf qilingan, keyin noshirlik texnologiyasi rivojlandi, asrlar o‘tib elektr kashf qilinib, telefon, radio va televizor, so‘ngra kompyuter, smartfonlar orqali muloqot qila boshladik.

Yillar o‘tib, telefonlar simlaridan mahrum bo‘lib, 30 tonnalik kompyuter bir necha 100 grammlik qurilmagan aylanmoqda. Hozir, virtual va to‘ldirilgan voqelik orqali tashqi va virtual olamni bog‘lash ishlari avj olgan.

Neura-nima?
Inson evolyusiyasining yangi davri bo‘lishi kutilayotgan neyrolink texnologiyasi texnologiya yordamida insonning aqliy salohiyatini yuqori darajaga ko‘taradi, mushohada qobiliyatini oshiradi. Misol uchun, ingliz tilining 60 ming so‘zlik izohli lug‘atini bilish — siz uchun hech ish bo‘lmay qoladi. Neuralink — misoli boshingizdagi ko‘rinmas sehrli shapkacha bo‘ladi.

Tesla, Space X va Hyperloop loyihalarining muallifi, taniqli biznesmen Elon Mask Neuralink kompaniyasini sotib olgach, ilm-fan ahli ham bu rejaning endi amalga oshishiga ishona boshladi. Neuralink ayni kunda insonga tashqi olam bilan ovozsiz aloqa qilish imkonini beruvchi o‘ta ingichka elektrodlardan tashkil topgan to‘liq miya interfeysini yaratmoqda. U orqali insonlar fikr almashish, ulangan kompyuter va axborot tizimlariga ovozsiz buyruq berish, ma’lumotlarni tinglashlari mumkin bo‘ladi.

Kiber-odamlar jisman internet tarmog‘iga ulangan bo‘ladi. Natijada, o‘zimizni qiziqtirgan barcha savollarga global tarmoqdan kerakli ma’lumotlarni soniyalar ichida topib olamiz.

Insonitya tarixining muhim bo‘lagi
Neuralink va uning maqsadi o‘rtasida qator texnologik qiyinchiliklar mavjud. Neuralink texnologiyani bevosita odamning tanasiga olib kirmoqchi: bosh miya suyagi, miya hamda asab tizimiga o‘rnatilgan neyro-simlar ma’lumotlar ombori va shu kabi interfeyga ega boshqa odamlar bilan aloqa qilish, ma’lumotni misoli hozirgi fikr kabi almashishga xizmat qiladi.

Jumladan, buning uchun 1-navbatda yuksak darajada ishlaydigan sun’iy aql tizimi hamda ma’lumotlar bazalari, tezkor internet infratuzilmasi kerak bo‘ladi.

Ikkinchidan, bu — insonni hayotini saqlab qolish uchun amalga oshiriladigan tibbiy muolaja emas. Bu — xohish asosida qilinadigan jarrohlik amaliyoti, aniqrog‘i — hayot o‘rtaga qo‘yiladigan jiddiy masala. Bu esa uni nazorat qilish va boshqarish uchun huquqiy asosni talab qiladi. Ushbu texnologiya odamga yirik imkoniyat bilan birga, jinoyatlarni ham amalga oshirish imkonini berishi mumkin.

Qolaversa, kelajak hukumatlari noqonuniy xatti-harakatlarning oldini olish yoki odamlar axloqini boshqarish uchun miya implantanlaridan foydalanmaydi, deb kim kafolat bera oladi? Bu odamlarning tabiiy aqliy rivojlanishiga qay darajada ta’sir etishi mumkin? Bu kabi xira mulohaza va savollarning javobi hozircha bizga qorong‘u.

Miya xavfsizligi

Xavfsizlik esa navbatdagi masala. Atrofimiz “aqlli” qurilmalarga to‘la davrda xavfsizligimiz, obro‘-nufuzimiz tobora qil ustida qolmoqda. Boisi, ular biz haqimizdagi hamma narsani bilishadi. Modomiki, Neuralink bizga kompyuter va tizimlarni o‘qish imkonini berar ekan, bizning miyamizni ham kimdir o‘qimaydi, deb hech kim kafolat bera olmaydi.

Ehtimol, bugungi avlodlar mazkur texnologiyaga tayyor emasliklari sababli uni qabul qila olmaydilar va savollarga javob ham bera olishmaydi. Ammo, taraqqiyot to‘xtab qolmaydi. G‘oyalar ustida bosh qotiradiganlar doimo topiladi. Uning qanchalar o‘zini oqlashi esa vaqt hukmiga bog‘liq.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.