NexDock – smartfon yordamida ishlaydigan noutbuk (video)

NexDock – smartfon yordamida ishlaydigan noutbuk (video)

Fevral oyida Indiegogo kraudfanding maydonchasida oddiy noutbukka o‘xshaydigan, biroq ishlashi uchun smartfon, planshet, fleshka-kompyuter yoki bir platali Raspberry Pi mini kompyuteriga ulanish talab qilinadigan NexDock qurilmasi loyihasi start olgan edi. Kampaniya yakunlanishiga bir necha kun qolgan vaqtlarda dok-stansiya yaratuvchilari ko‘zlagan maqsadlari – 300 ming dollardan ziyodroq mablag‘ni to‘plab ulgurishdi. Startap jamoasi so‘zlariga ko‘ra, yangi mahsulotga Microsoft muhandislari ham qiziqish bildirishgan.

NexDock 14,1 dyuymli (1366×768 piksel) displey, ikkita USB port, mini-HDMI interfeys, microSD xotira kartasi uchun slot, quloqchin va karnaylar uchun 3,5 mm o‘lchamli chiqish bo‘linmasi (audioraz’yom) bilan ta’minlangan. Avtonom ishlashi uchun esa 10 ming mAsoatlik quvvat toshi (akkumulyator) o‘rnatilgan.

Continuum texnologiyasi Windows 10 Mobile operatsion tizimi asosida ishlaydigan mobil qurilmani ishchi noutbukiga aylantirib beradi. Intel Compute Stick singari mikrokompyuterlar bilan esa foydalanuvchi to‘laqonli operatsion tizimga ega bo‘ladi. Loyiha asoschilaridan birining qayd etishicha, buyurtmalar orasida Raspberry Pi 3 yetakchilik qilmoqda. NexDock, shuningdek, odatiy kompyuter yoki Android asosida ishlaydigan gadjetlar uchun ikkinchi ekran vazifasini bajaradi. Buning uchun MHL-ulanish modeli yoki maxsus simsiz adapter talab qilinadi. Qurilma o‘lchamlari 351x233x20 mm, vazni esa 1490 g.

Ayni paytda NexDock 331 ming dollar yig‘ib ulgurdi. Kampaniya boshlangan vaqtda unga 80 dollar to‘lab buyurtma berish mumkin bo‘lsa, hozirda ushbu talqin sotib bo‘lingan va qurilma narxi 119 dollardan boshlanmoqda. Savdolar boshlanganidan keyin esa uning bahosi 150 dollarga yetadi. Ilk mahsulotlar 2016 yil iyunidan xaridorlar qo‘liga yetib boradi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.