Nihoyat, iPhone SE 2’ning ilk «jonli» suratlari chiqdi!

  •   DiMaX
  •  2098
  •  26.04.2018 19:55

Nihoyat, iPhone SE 2’ning ilk «jonli» suratlari chiqdi!

Kupertinolik gigantning iPhone SE ixcham smartfoni kutilganidan ko‘ra yaxshiroq ommalashib, hozir ham dunyo bo‘yicha keng qo‘llanilmoqda. Shu bois Apple uning ikkinchi avlod modelini tayyorlayotgani haqida anchadan beri gap-so‘zlar yurganidan xabaringiz bor.

O‘QING: Yangi iPhone SE keyingi haftadayoq chiqishi mumkin!

Weibo ijtimoiy tarmog‘ida insayderlar yangi iPhone SE 2 modelining «jonli» rasmlari e’lon qilishdi. Undagi asosiy o‘zgarish – korpusning orqa paneli shishadan ishlanganligidir. Aftidan, bu yechim smartfonda simsiz quvvatlash texnologiyasini joriy etish bilan bog‘liqdir. Kamera va uning chaqnog‘i o‘z joyida qolgan, ularning o‘lchamlari ham o‘zgarmagan. Korpus qirralari alyuminiy rom bilan hoshiyalangan.

iPhone SE 2 (2018) deb ham ataluvchi ushbu gadjet korpusining pastki qirrasida an’anaviy – 3,5 millimetrlik quloqchin tirqishi saqlangan. Old panelda esa moddiy «Home» tugmachasi saqlangan bo‘lib, unga Touch ID tatbiq etilgan.

Ushbu suratlarga qaraganda, «olmali» korporatsiya xarajatlarni kamaytirish maqsadida iPhone SE 2 modelida ham eski dizaynni qo‘llashda davom etmoqchi.

Shu paytgacha tarqalgan xabarlarga ko‘ra, iPhone SE 2 smartfoniga Apple A10 protsessori va 5 megapikselli old kamera o‘rnatiladi.

Aytish kerakki, Apple hozircha ushbu model haqida birorta ham rasmiy ma’lumot bergan emas. Shu paytgacha bozorga chiqarilgan boshqa rusumlardagi ayfonlarning aksariyatini O‘zbekistonda ham xarid qilish mumkin.

O‘QING: Poytaxtimizda iPhone narxlari (2018 yil 18 aprel)