Nihoyat, iPhone tezkor quvvatlanish texnologiyasiga ega bo‘ladi

Nihoyat, iPhone tezkor quvvatlanish texnologiyasiga ega bo‘ladi

2017 yilda taqdim etilishi kutilayotgan 4,7, 5,5 va 5,8 dyuymli iPhone modellari 3 GB operativ xotira hamda tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega bo‘ladi. Bu to‘g‘rida Cowen and Company kompaniyasi tahlilchisi Timoti Arkuri Apple’ga butlovchi qismlar yetkazib beruvchi ta’minotchi kompaniyalardagi ishonchli manbaalarga tayanib ma’lum qilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, 2017 yilda taqdim etiladigan 4,7 dyuymli va 5,5 dyuymli iPhone modellari avvalgi yilgi iPhone 7 hamda iPhone 7 Plus kabi – 32, 128 hamda 256 GB doimiy xotirali talqinlarda ishlab chiqariladi. Yuqori 5,8 dyuymli displey bilan ta’minlanishi kutilayotgan ayfonning ham 64 va 256 gigabayt doimiy xotirali versiyalari mavjud bo‘ladi. Mazkur modelning akkumulyator sig‘imi yanada kattalashadi.

Mazkur ma’lumot bir muddat avval tayvanlik TrendForce kompaniyasining xabarini rad qiladi. Tayvanlik avvalroq yangi ayfonlarning faqatgina 5,5 va 5,8 dyuymli modifikatsiyalarigina 3 GB operativ xotiraga, 4,7 model esa 2 GB “operativka”ga ega bo‘lishini aytgan edi.

Kattalashgan «operativka»lar smartfonlar xotirasida yanada ko‘proq ma’lumotni saqlash, internetdan unumli foydalanish imkonini beradi. Misol uchun, endi Safari brauzerida ko‘plab sahifa ochiladigan bo‘lsa, brauzerning yanada qulayroq ishlashini kuzatish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, tahlilchi bir oz avval taniqli “ayfonshunos” tahlilchi Min-Chi Kuo ma’lum qilgan, har uchala iPhone modellarida USB Type-C porti hamda unda Lightning mini-porti o‘rnatilishi to‘g‘risidagi xabarni ham tasdiqlagan. Yangi Lightning porti iPhone apparatlarining quvvat olishdagi tezkorligini oshiradi.