Nokia: 2017 yilda 7 ta smartfon ishlab chiqariladi

Nokia: 2017 yilda 7 ta smartfon ishlab chiqariladi

16 fevral kuni internet tarmog‘ida Nokia kompaniyasi fevral oyi oxirida Barselonada o‘tadigan MWC 2017 anjumanida “Nokia 3”, “Nokia 5” va “Nokia 6” indeksli 3 ta smartfonlar bilan ishtirok etishi to‘g‘risida xabar tarqaldi.

Joriy yilning yanvar oyida taqdim qilingan Nokia 6 smartfoni 5,5 dyuymli, piksel sig‘imi 1920 x 1080 belgiga teng, Corning Gorilla Glass 3 himoya shishasi qoplangan ekranga ega. Mobil qurilma 4 GB tezkor va 64 GB ichki xotiraga ega, qolaversa microSD tizimi orqali uning xotirasini 128 GB.gacha kengaytirish mumkin.

Gadjetning korpusi iPhone 7 va Meizu Pro 6/6s kabi kosmonavtikada foydalaniladigan 6000-seriyadagi ,alyuminiy qotishmasidan tayyorlangan. Telefon korpusi stereo ovoz taratuvchi karnaylarga ega bo‘ladi. Smartfonda bir qator yangi texnologiyalar tatbiq etilgan. Jumladan F/2,0 diafragmali 16 va 8 MP kameralarda fazali avtofokus tizimi mavjud. Akkumulyator sig‘imi 3000 mA soat.

Xitoy smartfon bozorida $245 AQSh dollaridan sotuvga chiqarilishi e’lon qilingan Nokia 6’ni sotib olish uchun 1,2 mln kishi buyurtma bergan va telefon bir necha daqiqada sotilib ketgan.

MWC 2017 anjumanida uning xalqaro talqini namoyish etilishi kutilmoqda. Kompaniyaning Nokia 5 smartfoni esa soddalashgan talqin bo‘lib, yanada arzon bahoda sotuvga chiqariladi.

Insayderlarning yozishlaricha, yana bir yangi gadjet — Nokia 3 taxminan 150 yevrodan sotuvga chiqadi. U 5,2 yoki 5,3 dyuymli HD-ekran, chastota tezligi 1,4 GGs bo‘lgan Qualcomm 425 protsessori, Adreno 308 videokartasi, shuningdek 2 Gb operativ va 16 Gb doimiy xotiraga ega bo‘ladi. Nokia 3’ning narxidan kelib chiqsak, gadjetga 13 megapikselli bosh va 5 MP old kameralar o‘rnatiladi. Zavodning o‘zidayoq Android 7 operatsion tizimiga ega bo‘ladigan smartfon 4G aloqa tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydi.

2017 yilda kompaniya jami 7 ta smartfonni sotuvga chiqarishni mo‘ljallamoqda.