Note 9 kutilgan muhim jihatga ega bo‘lmaydi

Note 9 kutilgan muhim jihatga ega bo‘lmaydi

Insayderlar tomonidan tarqatilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Samsung Galaxy Note 9 smartfoni taqdimotiga qadar 2 oy vaqt qolgan. Bu fablet shu yilning iyul oyi so‘nggida yoki avgust oyida taqdim qilinadi. Koreyalik ishlab chiqaruvchi uni imkon qadar tezroq taqdim qilib, bozorga chiqarishga urinmoqda. Boisi sentyabrda Apple ham yangi devayslarni taqdim qiladi. Qolaversa, shu kunlarda smartfon bozorida Galaxy S9 hamda S9+ modellariga bo‘lgan talab tushib ketgan.

Kameradagi yangilanishlarni hisobga olmaganda, Galaxy S9 va S9+ smartfonlari biror bir o‘ziga xos jihatga ega bo‘lmagan. Galaxy Note 9 modeli shuning uchun ham katta o‘zgarishlarga ega bo‘lishi hozirdan aytib kelinmoqda.

Biroq kuni kecha ma’lum bo‘lgan xabarga ko‘ra, Samsung bu gal ham millionlab fanatlarini xursand qila olmasligi mumkin. Koreyaning taniqli nashrlaridan biri bo‘lgan Chosun tarqatgan xabarga ko‘ra, Samsung Galaxy Note 9 uzoq kutilgan yangi bir jihatdan mahrum bo‘ladi – ekranga joylashtirilgan barmoq izi skaneri. Bu gal ham koreyalik gigant skanerni Galaxy Note 8 kabi, orqa panelga joylashtirib qo‘yadi.

Shu bilan birga, manbaning ma’lum qilishicha, Samsung Galaxy Note 9 taqdimoti avgustning ikkinchi yarmida bo‘lib o‘tadi. Jurnalistlarning yozishlaricha, Janubiy koreyalik korporatsiya allaqachon flagmanning ilk partiyasini tayyorlab qo‘ygan.

Garchi, Samsung displey skaneri texnologiyasida ham muvaffaqiyatga erishgan bo‘lsa-da, hozircha u bu yo‘nalishda ilk jiddiy qadamni tashlay olmaydi. Sababi, bu bilan smartfon narxi qimmatlashib ketishi bilan birga, hozircha bu texnologiya o‘zini oqlagani yo‘q.

Ekspertlarga ko‘ra, Galaxy S10 modeli bunday ilg‘or skanerga ega bo‘ladi. Ungacha esa Samsung virtual skanerni takomillashtirib, tannarxini ham tushirishga erishadi. Galaxy Note 9 fabletida 3 karralik yaqinlashtirish funksiyasi bo‘ladi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.