Noutbuk savdosida sizni qanday aldashadi?

  •   DiMaX
  •  4342
  •  09.11.2017 16:17

Noutbuk savdosida sizni qanday aldashadi?

Hozirgi kunda yaxshi va baquvvat noutbuklarga talab juda yuqori. bundan esa firibgarlar ham foydalanib qolishga urinishmoqda. Xususan, poytaxtimizdagi «Malika» savdo majmuasi yoki boshqa savdo nuqtalarida, shuningdek, OLX.uz singari onlayn savdo platformalari orqali sotilayotgan «ikkinchi qo‘l» mahsulotlari savdosida aldov holatlari uchrashi mumkin.

O‘QING: OLX.UZ’dagi arzon ayfonga uchib, 500 dollarga chuv tushgan hamyurtimiz

Shu bois ham, agarda noutbuk sotishda ishlatiladigan ayrim firiblardan boxabar bo‘lib qo‘ysangiz zarar qilmaydi.

Texnik xususiyatlari yuqori noutbukni bozor narxidan arzonga taklif etuvchi firibgarlarning aldov algoritmi quyidagicha:

  1. Firibgarlar OLX.uz kabi biror onlayn e’lonlar taxtasi orqali parametrlari past, narxi arzon bo‘lgan noutbukni topishadi. Agarda Dell, HP kabi nomdor ishlab chiqaruvchilarning mahsuloti bo‘lsa – yanada yaxshi, darrov sotib olishadi.
  2. Noutbukni qo‘lga olgach, reyestr muharriri (redaktor reyestra) yordamida uning parametrlarini o‘zgartirib chiqishadi. Masalan, protsessorini i7 yoki i5 modeli qilib ko‘rsatishadi, videokartasini «zo‘r»idan, deb belgilab qo‘yishadi, tezkor xotirasi hajmini kattaroq qilib ko‘rsatib, operatsion tizim haqidagi ma’lumotlarni o‘zgartirib chiqishadi.
  3. Endi, arzon noutbukning parametrlarini «baquvvat»ga aylantirib bo‘lgach, darhol uni sotish haqida e’lon berishadi. Tabiiyki, texnik jihatlari kuchlidek qilib o‘zgartirilgan gadjetga yuqori narx belgilashadi, ammo bu bozordagi haqiqiy baquvvat noutbuklardan salgina arzonroq turadi.
  4. Xaridor savdo payti uning parametrlari noto‘g‘ri ekanini payqamaydi, «zo‘r» noutbuk olganidan xursand holda pulni sanab beradi. Lekin undan foydalana boshlagach, bir nechta oddiy dasturlarni ham bir vaqtning o‘zida ochib ishlata olmaydi. Xunob bo‘lib, jiddiyroq tekshirib ko‘rsagina chuv tushganini anglab yetadi.

O‘QING: Noutbuk olmoqchimisiz? Sotuvchi emas, quyidagi 5 tavsiyaga quloq tuting

Shuning uchun ham, imkon qadar rasmiy kafolati mavjud bo‘lgan noutbuk xarid qilishni tavsiya etamiz. Agarda ishlatilgan devays sotib olishga to‘g‘ri keladigan bo‘lsa ham, uning modelini aniqlab, barcha texnik xususiyatlarini ishlab chiqaruvchining saytidagi ma’lumotlar bilan erinmasdan taqqoslab tekshiring.

O‘QING: Noutbuk xarid qilayotganda 10 ta ommaviy xato

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.