Noutbuk tanlashdagi 6 xato

Noutbuk tanlashdagi 6 xato

Shubhasiz, noutbuk tanlash jarayonida yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan eng katta xato – reklamaga ishonishdir. Shunday bo‘lsa-da, bir qator boshqa omillar ham yo‘q emas ekan. Ferra nashri noutbuk tanlash paytida kuzatiladigan 6 ta xatoni jamlab, ularni o‘quvchilar e’tiboriga havola qildi. Demak, quyida ular bilan birma-bir tanishib chiqamiz. Kelgusida noutbuk xarid qilish paytida ular sizga asqotishi ajab emas.

Birinchi xato: akkumulyatorning uzoq ishlashi haqidagi ma’lumotga ishonish

Odatda, yanada yengil va yupqa noutbuklarni reklama qilish paytida, ishlab chiqaruvchilar uning bir zaryadda uzoq vaqt ishlash xususiyatiga ega bo‘lgan batareyasi haqida og‘iz ko‘pirtirishni yaxshi ko‘radilar. Bu gaplarga ishonishdan oldin, havola bo‘yicha o‘tib noutbukning avtonom ishlash vaqtiga oid sinov qanday sharoitlarda o‘tkazilgani bilan tanishib chiqish tavsiya etiladi. Real foydalanish holatida ekran yorqinligi balandroq sozlangan bo‘ladi, buning ustiga, noutbukka bir qancha dasturlar o‘rnatilgan bo‘lishi ham aniq. Shu bois noutbukni tanlash vaqtida uning bir zaryadda qancha vaqt ishlashiga e’tibor bergan holda, uni real qo‘llashdagi holatlarni ham ko‘zdan qochirmang. Ko‘pincha noutbukning avtonom ishlash vaqtiga doir ma’lumotlarni turli forum va saytlarda o‘qish mumkin.

Ikkinchi xato: noutbukning samarali ishlashi haqidagi gaplarga ishonish

Noutbukning samarali ishlashi haqidagi tushunchani turlicha talqin qilish mumkin. Deylik, kompaniya o‘yin noutbuklarini bag‘oyatda samarali ishlaydi deb maqtagan vaqtda, u noutbukning tez yuklanishi, buyruqlarga javob berishi va ayrimi zamonaviy o‘yinlarni qo‘llay olishini nazarda tutadi. Biroq, odatda, o‘rtacha grafik chiplar bilan jihozlangan noutbuklar ham bunday vazifani bemalol uddalashi mumkin. Noutbukning samarali ishlashini unga o‘rnatilgan protsessorlar va grafik chiplar, umuman muhim tarkibiy qismlarga qarab belgilash mumkin. Agar siz operativ xotira, protsessor yoki videokarta turlari haqida tuayyan tushunchaga egab o‘lmasangiz, noutbukni xarid qilishdan oldin ular bilan biroz bo‘lsa-da tanishib oling. Aks holda oddiy kundalik ishlarni bajarish uchun kuchli o‘yin noutbukini yoki aksincha, o‘yin uchun kuchsiz texnik parametrlarga ega bo‘lgan noutbukni xarid qilishingiz hech gap emas.

Uchinchi xato: Intel protsessorlarining faqat Core i5, i7 cingari seriyalariga e’tibor qaratish

Noutbuklar uchun protsessorlar ishlab chiqaradigan eng yirik kompaniyalardan biri Intel kompaniyasi ham ayrim paytlarda xaridorlarning adashishiga zamin yaratadi. Har bir protsessor turkum va indeks nomidan tashkil topgan o‘zining kod nomiga ega bo‘ladi. Misol uchun Corei7 nomi ostida o‘yin noutbukiga mo‘ljallangan protsessor yoki yupqa ultrabuk uchun chiqarilgan tejamkor protsessor nazarda tutilishi ham mumkin. Umuman olganda, bu yerda hech kim aslidi birovni aldamaydi. Protsessor turini indeks nomiga qarab ajratish mumkin. Biroq muammo shundaki, kompaniya faqat turkum nomini keltiradi, xolos. E’tiborsiz va sodda xaridor esa bunday qarmoqqa ilinishi hech gap emas. Intel Core protsessorlarining yettinchi avlodi chiqishi bilan Core i5 va Core i7 turkumlariga bir qator sekinroq ishlaydigan chiplar ham kiritildi. Xulosa o‘zingizdan: har doim protsessor indekslari bilan tanishib chiqishni unutmang.

To‘rtinchi xato: USB Type-C bu har doim tezkor ishlaydi deb hisoblash

Ayni paytda smartfonlar sanoatida bo‘lgani kabi noutbuklar bozorida ham USB Type-C sloti borgan sari qo‘proq qo‘llanmoqda. Yangi standart USB 3.0 o‘rnini egallamoqda. Biroq yangi standartning eski standartdan qanchalik tez ishlashiga hech qaysi ishlab chiqaruvchi aniqlik kiritmaydi. Balki u xuddi USB 3.0 singari 5 Gbit/soniya tezlikda ma’lumotlarni ko‘chirar, yoki 10 Gbit/soniya tezlikka egadir? Balki u Thunderbolt 3 interfeysini qo‘llab quvvatlaydi? Xulosa: xariddan oldin slotlarning o‘tkazish tezligi bilan tanishib chiqing. Bu narsa noutbukning narxiga ta’sir qilishi mumin.

Beshinchi xato: sovutish tizimiga e’tibor bermaslik

Odatda, o‘yin noutbuklari haqida gap ketganda, uning naqadar puxta sovutish tizimiga ega ekanligi haqidagi gaplar qulog‘imizga chalinadi. Biroq real foydalanish jarayonida ushbu tizim qismlarning qizib ketmasligini kafolatlay olmaydi. Agar noutbuk yaxshi sovutish tizimi bilan ta’minlangan bo‘lsa (bu gap ayniqsa og‘ir dasturlar va o‘yinlarga mo‘ljallangan noutbuklarga tegishli), uning kuchli protsessori yoki videokartasining ishi kutilgan darajada samara bermasligi mumkin. Shu bois ma’lum noutbuk modelini xarid qilishdan oldin, u haqdagi tavsiflar bilan tanshiib chiqish zarar qilmaydi.

Oltinchi xato: ikkita video karta doim bitta videokartadan yaxshi

Umuman olganda, ikkita videokartaga ega bo‘lgan noutbuk chindan-da yaxshi samaradorlik ko‘rsatkichlarini qayd qila oladi. Biroq barcha o‘yinlar ham bir nechta videokarta bilan ishlash uchun optimallashtirilgan bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘yinga qarab soniya ichida kadrlarning qayta ishlanishiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Ayrim vaqtlarda bu ko‘rsatkich ba’zi o‘yinlarda bitta videokartadagidan pastroq bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas. Yoki ikkita videokarta bitta protsessor uchun og‘irlik qilishi mumkin. Shuning uchun bu moslikka jiddiy e’tibor berish foydadan xoli bo‘lmaydi.