Okeanbo‘yi mamlakatlar suv ostida qoladimi?

  •   Saroy
  •  1031
  •  06.07.2018 16:08

Okeanbo‘yi mamlakatlar suv ostida qoladimi?

Britaniya Milliy okeanografiya markazi olimlari sayyoramizda iqlim isishi  tufayli dengiz sathining ko‘tarilishi sohilbo‘yi mamlakatlar iqtisodiyotiga qanchalik  ziyon keltirishini hisoblab chiqishdi.

600 milliondan ziyod odam suv egallab olishi mumkin bo‘lgan hududlarda istiqomat qiladi. Olimlarning bashorat qilishicha, agar taraqqiy etgan mamlakatlar o‘z aholisi va infratuzilmasini himoya qilish uchun zarur resursga ega bo‘lsa, o‘rtacha rivojlangan mamlakatlar bunday imkoniyatga ega bo‘lmaydi va ular juda katta iqtisodiy yo‘qotishlarni boshdan  kechiradi.  

 2008 yil 1 dekabrdagi suv toshqini: sayyohlar Venetsiyaning San Marko maydonida suratga tushmoqda

Olimlarning hisob-kitobicha, agar iqlimning isishi bir yarim darajada saqlansa jahon okeani sathi yarim metrga ko‘tariladi, agar ikki darajaga ortsa, suv sathining o‘rtacha ko‘tarilishi kamida 86 sm.ga yetadi, hatto 1,8 metrga ham ko‘tarilishi mumkin. Bunday sharoitda insoniyatning ko‘radigan zararini  dollarda hisoblaydigan bo‘lsak,    yiliga 14 trilliondan 27 trillion dollargacha yetar ekan. Bu taxminan 2100 yildagi jahon yalpi ichki mahsuloti hajmining 2,8 foizini tashkil etadi.

Eng yomon oqibatlarni tropik sohilbo‘yi hududlari kutmoqda. Dengiz sathining ko‘tarilishi sohilbo‘yi mamlakatlar  iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, bu yerlarda yashash va ishlash xavfli bo‘lib qoladi. Eng achinarlisi, voqealarning bunday xunuk tarzda rivojlanishi o‘zini uzoq kuttirmaydi  Unchalik katta bo‘lmagan, pastqam  orollar suv ostida qolishi yoki ekologik holati va tabiiy zaxiralari jiddiy zarar ko‘rishi mumkin. Olimlarning ta’kidlashicha, tadqiqot natijalari sayyoramiz iqlimiga antropogen  ta’sirlarni kamaytirish zarurligini yana bir bor tasdiqlamoqda.

Iqlimning isishini 2 daraja atrofida ushlab turish  Parij kelishuvida ko‘zda tutilgan edi. Ammo, issiqxona gazlarini dunyoda eng ko‘p chiqarayotgan AQSh davlati o‘tgan yili ushbu kelishuvdan chiqib ketdi.

 

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!