Olimlar quvvat talab qilmaydigan «kelajak telefoni»ni yaratdilar

Olimlar quvvat talab qilmaydigan «kelajak telefoni»ni yaratdilar

Vashington universiteti muxandislari shu vaqtgacha imkonsiz hisoblab kelingan ishga qo‘l urdilar. Ular ishlashi uchun quvvat talab qilmaydigan dunyodagi ilk telefonni yaratishning uddasidan chiqdilar. Hozirgi vaqtda ushbu «kelajak telefoni» faqatgina qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish va amalga oshirishning uddasidan chiqadi, xolos.

Mazkur o‘ziga xos qurilma ustida ish olib borgan mutaxassislardan biri - Shayem Gollakotaning so‘zlariga ko‘ra, muxandislar qurilmaning quvvatga bo‘lgan talabini bartaraf qilish uchun mobil telefon ishlash prinsipining o‘zini tamomila yangidan ishlab chiqqanlar.

Ular telefon konstruksiyasidan analog ovoz signalini raqamli signalga aylantiruvchi moslamani olib tashlab, uning o‘rnini mikrofon va dinamikni birlashtirib turuvchi antenna o‘rnatdilar. Natijada hatto past chastotadagi ovoz tebranishlari ham zudlik bilan radiosignallarga aylana boshladi.

Baribir ushbu «kelajak telefoni» kichik miqdorda bo‘lsada, energiya talab qiladi. Ammo qurilmani energiya bilan ta’minlash uchun batareya yoki akkumlyator talab qilinmaydi. Telefon faoliyati uchun zarur bo‘lgan juda kichik - 3,5 mkVt/soat miqdoridagi energiya asosiy stansiyadan tarqalayotgan radionurlanishlardan olinadi. Shu joyda qurilmaning asosiy muammosi ko‘zga tashlanadi - mazkur telefon radionurlanishlar orqali quvvat olish uchun asosiy stansiyadan 10 metrdan oshiq masofaga uzoqlashmasligi lozim. Bunday cheklov va noqulaylik ushbu prototipni kelajakning to‘laqonli quvvat talab qilmaydigan telefoni, deb atashda ikkilanish paydo qiladi.

Biroq olimlar yaqin kelajakda ushbu yangi qurilma ona stansiyadan istalgan masofada ishlay olishiga umid bildirmoqdalar. Balki ularning umidlari ro‘yobga chiqib, insoniyat elektron qurilmalarni muntazam quvvatlantirib turish muammosidan xalos bo‘lar? Bunisini endi vaqt ko‘rsatadi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.