OnePlus 7T qadoqdan Android 10'da ishlaydi

OnePlus 7T qadoqdan Android 10'da ishlaydi

Xitoyning OnePlus kompaniyasi 7T smartfoni va ilk televizorini ertaga, 26 sentyabr kuni, taqdim etishi rejalashtirilgan. Taqdimotdan oldin OnePlus'dagilar, avvallari ham qilishganidek, yangi mahsulot haqida bir kunning o‘zida qisqa-qisqa ma’lumotlarni ketma-ketlikda taqdim qilmoqda.

Sal avvalroq OnePlus 7T qadoq qutisining rasmiy tasviri ko‘rsatilgan edi. Undan ko‘rishimiz mumkin ediki, 7T ham o‘zidan avvalgi OnePlus'lar kabi qizil rangli qutida sotuvga chiqadi.Endi esa, kompaniya asoschisi va Bosh ijrochi direktori Pit Lau (Pete Lau) smartfon haqida yangi ma’lumotlarni o‘rtoqlashdi. Quyida uning yozganlarini to‘liqligicha keltirib o‘tamiz:

Biz OnePlus 7T smartfonimizni dasturiy ta’minotning eng so‘nngi taqlini, Android 10'da taqdim qilayotganimizdan juda mamnunmiz. OnePlus Google ilovalari va xizmatlariga ega Android 10'ni yangi qurilmasida avvaldan o‘rnatgan ilk smartfonsoz bo‘ladi. Bizning "Hech qachon to‘xtama" nomli shiorimiz eng so‘nggi texnologiyalarni yaratish yo‘llarini doimiy ravishda qidirishimiz va mijozlarimizga mavjud bo‘lgan "eng tezkor va silliq" amaliyotni taqdim qilishimizni kafolatlaydi.

OnePlus 7T Android 10'ning to‘liq talqini qadoqdan o‘rnatilgan ilk qurilma bo‘ladi. To‘g‘ri, Huawei'ning Mate 30 lineykasi smartfonlari ham Android 10 bilan taqdim qilindi, biroq AQSh-Xitoy savdo urushi sabab ular Play Store va boshqa barcha Google ilovalaridan mahrum qilingan.

Android 10 borasida OnePlus hatto Google'dan ham ilg‘or bo‘ldi. Qidiruv giganti o‘zining qadoqdan Android 10'da ishlovchi Pixel 4 va Pixel 4 XL gadjetlarini 15 oktyabrda taqdim qiladi.

Ilgariroq, OnePlus 7T'ning orqa tomon rasmiy renderlari taqdim qilingandi. Tasvirlarda xuddi OnePlus 7'dagi kabi uchta ob’yektivdan iborat "orol" kamera modulini ko‘rishimiz mumkin.Dispelyning yangilanish chastotasi ham OnePlus'niki bilan bir xil: 90Hz. Lekin ekran rezolyusiyasi biroz kichikroq: 1080p+ (OnePlus 7'da esa 1440p+).

Umuman olganda, OnePlus'ning "uka"si OnePlus 7T anchagina takomillashtirilgan jihatlarga ega bo‘ladi. Smartfon haqida bilishimiz kerak bo‘lgan yagona ma’lumot bo‘lib hozircha uning narxi qolmoqda.

O‘QING: OnePlus TV taqdimot kuni, xususiyatlari va narxi ma’lum bo‘ldi