“Onlayn muhitda yoshlarni himoya qilish bo‘yicha qo‘llanma” ishlab chiqildi

“Onlayn muhitda yoshlarni himoya qilish bo‘yicha qo‘llanma” ishlab chiqildi

Mazkur qo‘llanma Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2016-yil 7-apreldagi qo‘shma qarori asosida tasdiqlandi. Qo‘llanmaning tasdiqlanishi, shuningdek, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi va Respublika “Kamolot” YoIH Markaziy kengashi bilan kelishildi.
“Onlayn muhitda yoshlarni himoya qilish bo‘yicha qo‘llanma” voyaga yetmaganlar va ularning ota-onalariga mo‘ljallangan bo‘lib, unda bolalarni Internet tarmog‘idagi xavf-xatarlardan asrash va ularning axborot xavfsizligi me’yorlariga rioya qilishlari bo‘yicha tavsiyalar mavjud. Jumladan, qo‘llanmada voyaga yetmaganlar 3 toifaga (7 yoshdan 10 yoshgacha, 10 yoshdan 13 yoshgacha, 13 yoshdan 16 yoshgacha) bo‘lingan holda, ularga va ularning ota-onalariga bir-biridan alohida takliflar va tavsiyalar berilgan.
Qo‘llanma respublika bo‘ylab tarqatilganidan so‘ng, yosh foydalanuvchilar Internet tarmog‘idagi salbiy kontentlardan himoyalanish usullarini o‘rganishlari, ota-onalar esa farzandlarining Internet tarmog‘idan to‘g‘ri va samarali foydalanishlarini ta’minlay olish imkoniyatiga ega bo‘lishlari kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2015-yilning dekabr oyida respublikadagi 7 ta vazirlik va idoralar – Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi va Respublika “Kamolot” YoIH Markaziy kengashi o‘rtasida “O‘zbekiston Respublikasida Internet-madaniyatini rivojlantirish bo‘yicha 2016-2018 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma chora-tadbirlar rejasi” kelishilgan bo‘lib, ushbu chora-tadbirlar rejasi asosida bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
Laziz Bo‘ranov,
Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi
bo‘lim boshlig‘i 
Manba: Infosec.Uz
Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!