Operatorning aybi bilan to‘lov tizimidagi uzilishlar uchun sanksiyalar joriy etiladi

Operatorning aybi bilan to‘lov tizimidagi uzilishlar uchun sanksiyalar joriy etiladi

Markaziy bank tomonidan “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida"gi qonun loyihasi muhoma uchun taqdim etildi. Bu haqda Norma.uz ma’lum qildi.

Qonun 12 ta bob, 65 ta moddadan iborat va quyidagi yo‘nalishlarni tartibga soladi:

  • to‘lov tizimlarini yaratish va ularning faoliyat yuritishi, ular ustidan nazorat;
  • hisob-kitoblarning yagona axborot makonini shakllantirish;

to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish va to‘lovlarni amalga oshirish.

To‘lov operatorlarining ishini tashkil etishda to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatini banklar ham, boshqa yuridik shaxslar (to‘lov operatorlari) ham amalga oshirishlari mumkinligi yozilmoqda. Ular o‘zlari belgilagan qoidalarga ko‘ra to‘lov tizimi faoliyat yuritishini ta’minlaydilar. Qoidalar, shuningdek operator tariflari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, ulardagi o‘zgartirishlar operatorning veb-saytida e’lon qilinib, ular e’lon qilingan sanadan keyin qo‘llaniladi. To‘lov operatori bo‘lishni xohlovchi yuridik shaxs MBda tegishli litsenziya olishi kerak.

Belgilangan «to‘lov» qonunchiligi talablarini buzganligi uchun MBning to‘lov tizimi operatoriga nisbatan chora va sanksiyalarni qo‘llash tartibi e’tiborga loyiq. Xususan, agar ushbu qonunbuzarliklar to‘lov tizimi uzluksiz faoliyat yuritishiga yoxud ko‘rsatiladigan to‘lov xizmatlariga ta’sir qilsa, MB quyidagi choralardan birini qo‘llaydi:    

  • qonunbuzarlikni bartaraf etish muddatini ko‘rsatgan holda uni bartaraf etish to‘g‘risida ko‘rsatma yo‘llaydi;
  • 5 000 EKIHgacha bo‘lgan miqdorda (bugungi kunda u 1 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etadi) jarima soladi;
  • ayrim operatsiyalarni o‘tkazishni 6 oygacha muddatga cheklaydi (to‘xtatib qo‘yadi);
  • litsenziyaning amal qilishini 3 oygacha muddatga to‘xtatib qo‘yadi.

Bundan tashqari, MB operatorlar va to‘lov tashkilotlarida inspeksiya tekshiruvlarini o‘tkazish vakolatiga ega bo‘ladi.

O‘QING: «Uzcard» ishlamay qolsa, endi kamida 1 mlrd. jarima to‘laydi

Elektron pul oborotini tartibga solishda esa «Elektron pul» tushunchasi belgilandi. Bu elektron shaklda saqlanadigan va elektron pul tizimida uning boshqa ishtirokchilari tomonidan to‘lov vositasi sifatida qabul qilinadigan elektron pul emitentining so‘zsiz va chaqirib olinmaydigan pul majburiyatlaridir.

Shuningdek,  ularni chiqarish, realizatsiya qilish, foydalanish va qoplash tartibi belgilandi. Elektron puldan uning egasi – jismoniy shaxs fuqarolik-huquqiy tusdagi bitimlar bo‘yicha to‘lovlarni to‘lashda, shuningdek qonunchilikka zid kelmaydigan boshqa operatsiyalarni o‘tkazish uchun foydalanadi.

Jismoniy shaxs amalga oshiradigan, elektron pul ishtirok etadigan bitta operatsiyaning eng yuqori summasi belgilanmoqda:

  • identifikatsiyalangan pul egasi tomonidan  – 100 EKIHdan ortiq emas;
  • identifikatsiyalanmagan egasi tomonidan – 1 EKIHdan ortiq emas. Ushbu summadan oshib ketganda identifikatsiyalanish zarur.

Elektron pul egasini identifikatsiyalash elektron pul emitenti va (yoki) elektron pul tizimi operatori tomonidan egasi shaxsan hozir bo‘lganda va shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etganda amalga oshiriladi. Identifikatsiyalashning boshqa usullari, sh.j. masofadan turib identifikatsiyalash usuli qo‘llanishi mumkin.

Shuningdek, qonun bilan to‘lov tizimlari faoliyatining boshqa jihatlari ham tartibga solinganligi ta’kidlanmoqda.

Manbada loyihaga o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkinligi aytilmoqda. 

O‘QING: Endi davlat xizmatlari uchun to‘lovlarni Payme orqali amalga oshirsa bo‘ladi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!