Oppo R9 savdoning ilk kunida 180 000 dona sotildi

Oppo R9 savdoning ilk kunida 180 000 dona sotildi

Xitoyning Oppo kompaniyasi bundan 2 hafta avval Oppo R9 hamda R9 Plus flagman smartfonlarini e’lon qilgan edi.

Joriy haftada kompaniya Oppo R9 gadjetini Xitoy hududida savdoga chiqardi. Xalqaro internet nashrlari tomonidan mobil aloqa vositasi jamoatchilik tomonidan iliq kutib olingani xabar qilinmoqda.

GSMArena nashrining yozishicha, Oppo R9 smartfon bozorida sanoqli kunlar ichida ommalashgan va savdoga chiqqan ilk kunda 180 ming dona sotilgan. Bugungacha, ya’ni 4 kun ichida esa jami 400 ming dona smartfonlarning sotilgani xabar qilinmoqda.

Arzon va yuqori sifat bilan ishlaydigan smartfonlar ishlab chiqaradigan 20 dan ziyod yirik kompaniyalar faoliyat ko‘rsatadigan, smartfon tanlash imkoniyati keng bo‘lgan Xitoy bozorida bu ko‘rsatkich kompaniya uchun muvaffaqiyatli hisoblanadi.

Kompaniya mazkur flagmanlarni mahalliy bozorda ommalashtirish, reklama roliklari yordamida mijozlarning diqqatini tortish maqsadida, xitoylik taniqli yulduzlar ishtirokida reklama kampaniyalarini olib borgan.

R9 Plus flagmani 12 apreldan boshlab sotuvga chiqariladi, Oppo kompaniyasi Oppo R9 va R9 Plus smartfonlarini xalqaro bozorga olib chiqishni rejalashtirmoqda.

Jahon bozorini zabt etishni maqsad qilgan Oppo R9 aloqa vositasi 5.5 dyuymli Full HD sig‘imli AMOLED-displey, 8 yadroli MediaTek Helio P10 protsessori, 4 GB tezkor xotira, 64 GB ichki xotira, 2850 mAs akkumulyator bilan “qurollantirilgan”.

Shuningdek, unda 16 megapikselli orqa hamda 13 megapikselli old kameralar mavjud.

Oppo R9 Plus smartfoni esa 6 dyuymli Full HD displey, 8 yadroli Qualcomm Snapdragon 652 protsessori, 4 GB tezkor xotira va 64/128 GB ichki xotira bilan ta’minlangan. Qurilmaning asosiy va old kamerasi 16 MP.

Smartfon quvvat toshi – akkumulyatorining elektr toki sig‘imi 4120 mAs.

Har ikkala smarftonda barmoq izlari skaneri, VOOC tezkor quvvatlash texnologiyasi tatbiq qilingan.  VOOC tezkor quvvatlash texnologiyasida mobil qurilma 30 daqiqa ichida quvvatini 75 foizga to‘ldiradi.

Ularda Android 5.1 Lollipop operatsion tizimidan foydalanilgan. 2 sim kartali bo‘lgan flagmanlarning o‘lchamlari: Oppo R9 151,8 × 74,3 × 6,5 mm hamda R9 Plus 163 × 80,8 × 7,4 mm. Og‘irligi 145 gramm va 185 gramm.

Oppo R9 smartfonining Xitoydagi narxi $430 dollar, uning kattaroq talqini – Oppo R9 Plus’ning narxi esa $510 dollar.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!