OPPO tayyorlagan – displeydagi daktiloskopik datchik dunyoda tengsiz!

  •   DiMaX
  •  1455
  •  17.04.2018 10:47

OPPO tayyorlagan – displeydagi daktiloskopik datchik dunyoda tengsiz!

2018 yilning navbatdagi trendi – smartfonlarning barmoq izi skanerini korpusning orqa panelidan (yoki «Uyga» tugmachasidan) bevosita displeyning o‘ziga ko‘chirish bo‘ldi. Bunaqa sensorni ilk bor Synaptics kompaniyasi ishlab chiqdi – uning Synaptics Clear ID skaneri displeyga integratsiya qilinadigan birinchi daktiloskopik datchik bo‘ldi.

Bunaqa modulni amalda – o‘z qurilmasida joriy etgan birinchi smartfonsoz sifatida esa mazkur sohadagi yetakchi kompaniyalardan biri emas, balki Vivo maydonga tushdi. Uning Vivo X20 Plus UD modeli yangicha texnologiyali – daktiloskopik skanerga ega ekranli birinchi telefon sifatida tarixga kirdi.

O‘QING: Virtual skanerga ega ilk smartfon rasman taqdim qilindi

Ekrandagi muayyan hududga bormoq bosish orqali smartfonni blokdan chiqarish mexanizmi hozirgacha faqat Xitoy ishlab chiqaruvchilarining ayrim mahsulotlarida bor, xolos. Bular – mazkur sohadagi «yo‘lboshchi» kompaniyaning Vivo X20 Plus UD hamda Vivo X21 modellari, shuningdek, dunyoning uchinchi raqamli smartfonsozi – Huawei’ning Mate RS Porsche Design rusumli premium telefonidir.

Biroq boshqa kompaniyalar ham shu kabi texnologiyalar ustida ishlashayotir; jumladan,  Meizu hamda Xiaomi ham ekranga joylanadigan barmoq izi skanerini tayyorlayotgani haqida ma’lumotlar tarqalgan.

O‘QING: Xiaomi displeyga joylanuvchi, tegmasdan barmoq izini taniydigan skanerni patentladi!

Endi esa yana bir xitoylik kompaniya – OPPO ham bevosita displeyning o‘ziga integratsiya qilinadigan daktiloskopik sensor uchun patent olgani ma’lum bo‘ldi. Buning ustiga, oldingi ishlanmalardan farqli ravishda, mazkur datchik nafaqat smartfonni qulfdan chiqarish, balki to‘lovlarni amalga oshirishda avtorizatsiya qilish uchun ham qo‘llanishi mumkin.

Shuningdek, Oppo tayyorlagan modulning asosiy xususiyatlaridan biri shundaki, nafaqat o‘chiq ekranda, balki ekran ishlab turgan payti ham daktiloskopik skaner ishlaydi, barmoq teginishlarini sezaveradi. Ishlab chiquvchilar tomonidan taqdim etilgan renderlar shundan dalolat berayotir.

Xabarlarga ko‘ra, kompaniyaning o‘zi tomonidan ishlab chiqilgan virtual skanerga ega ilk smartfon Oppo R15s modeli bo‘ladi. Uning taqdimoti joriy yilning uchinchi choragida – taxminan oktyabr oyida bo‘lib o‘tishi kutilayotir.

Aytish kerakki, kompaniyaning bundan oldingi – hali mart oyidagina taqdim etilgan Oppo R15 devaysi o‘z yurtidagi ommalashgan smartfonlar ro‘yxatida bir qancha Huawei, Apple va Samsung mahsulotlaridan ustun kelib, uchinchi o‘rinni egallagan.

O‘QING: Xitoydagi eng ommabop smartfonlar reytingi: Galaxy S9 ikkinchi o‘rinda, iPhone X esa judayam pastda...

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!