ORII – smartfonga kamroq qarashga yordam beruvchi aqlli uzuk (+video)

  •   DiMaX
  •  1422
  •  21.07.2017 13:39

ORII – smartfonga kamroq qarashga yordam beruvchi aqlli uzuk (+video)

Texnologiyalar asrida qo‘lga taqiladigan gadjetlar tobora ommalashib bormoqda. Bu borada hamma asosan aqlli soatlar va bilaguzuklarga zo‘r berayotgan bo‘lsa, Kickstarter’dagi ishqibozlar yanada ilgarilab ketishdi – ular aqlli uzuk yaratishdi!

ORII deb ataluvchi ushbu aqlli uzukni ishlab chiqarishga Kickstarter’da mablag‘ to‘plash kampaniyasi muddatidan avval yakunlandi – kerakli miqdor kutilganidan tezroq yig‘ildi. Natijada ushbu aqlli gadjet allaqaqon dunyo yuzini ko‘rdi.

Yirik uzuk ko‘rinishidagi mazkur aqlli devays barmoqqa taqiladi va smartfonning eng asosiy funksiyalarini bajara oladi. Natijada siz telefonni cho‘ntagingiz yo sumkangizdan olishingizga, ekraniga qarashingizga hojat qolmaydi.

ORII smartfonga kelgan, foydalanuvchi tomonidan belgilab qo‘yilgan turdagi bildirishnomalarni yetkazadi, jumlalarni boshqa tillardan o‘girishga, taqvim (kalendar)dagi voqealarni va eslatmalarni tekshirishga hamda yangilarini yaratishga imkon beradi. Bundan tashqari, ushbu aqlli uzuk Siri hamda Google Now bilan integratsiyalasha oladi; bu esa uning imkoniyatlar doirasini yanada kengaytiradi.

Shuningdek, ORII aqlli uzugi Bluetooth orqali smartfonga ulangan holda, qo‘ng‘iroqlarni ham amalga oshira biladi. Qizig‘i – mikrofon uzukning o‘ziga o‘rnatilgan bo‘lsa, dinamik unda umuman yo‘q. Shunga qaramay, u ovozni boshqacha usulda – suyakning tovush o‘tkazuvchanligi texnologiyasi orqali yetkazib beradi. Ya’ni, ORII taqilgan barmog‘ingiz uchini qulog‘ingiz yoniga bosasiz va suhbatdoshingiz tovushini bemalol eshitaverasiz! Mazkur texnologiyaning o‘ziga xosliklaridan biri – bunda sizning suhbatingiz maxfiyligi ta’minlanadi – suhbatdoshingizni yoningizdagilar eshita olishmaydi.

ORII uch xil rang variantidagi dizaynda ishlab chiqariladi. U IPX7 standarti bo‘yicha suvdan himoyalangan. O‘lchami buyurtmaga ko‘ra – har bir buyurtmachining barmog‘i yo‘g‘onligini hisobga olgan holda tanlanadi. Keyin ham uning o‘lchamini uchta silikon qo‘shimcha yordamida salgina o‘zgartirishingiz mumkin bo‘ladi.

Aqlli uzukning akkumulyatori bir soatlik suhbat rejimini hamda 45 soatlik kutish rejimini bemalol qo‘llab-quvvatlaydi.

Quyida uning ishlatilishi aks ettirilgan videolavhani tomosha qilishingiz mumkin:

 Mazkur aqlli uzuk narxi 99 AQSh dollarini tashkil etadi. Buyurtmalarni shu yilning sentyabridanoq jo‘natishni boshlashadi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!