Orziqib kutilayotgan OnePlus 6'ning rasmiy nomi ma’lum bo‘ldi

Orziqib kutilayotgan OnePlus 6'ning rasmiy nomi ma’lum bo‘ldi

Xitoyning OnePlus kompaniyasi so‘nggi bir necha oydan beri e’lon qilinishi orziqib kutilayotgan o‘zining navbatdagi smartfonini targ‘ib qilish bo‘yicha marketing kompaniyasini boshlab yubordi. Kompaniyaning Twitter'dagi rasmiy sahifasida e’lon qilingan atigi to‘rt soniyali targ‘ibot videosida yangi qurilmaning rasmiy nomini ko‘rish mumkin va u, hamma taxmin qilganidek, OnePlus 6'dir.

 

Kompaniya yangi qurilma “siz kutgan tezlik“ni berishiga ishontirmoqda. OnePlus rahbari Pit Lau e’lon qilinishi kutilayotgan qurilma Qualcomm'ning Snapdragon 845 protsessori bilan ta’minlanishi sababli uning ishlash tezligi ancha yuqori bo‘lajagini ma’lum qilgan edi. Janob Lau, shuningdek, OnePlus 6'ning iyun oyida sotuvga chiqarilishini ham aytgan edi. Biroq kuzatuvchilar boshlanib ketgan marketing kampaniyasi smartfonning undan oldinroq e’lon qilinishidan darakdir, deb taxmin qilmoqda.

Bundan tashqari, OnePlus kompaniyasi asoschilaridan biri Karl Pey OnePlus 6 «o‘yiq» ekranga ega dizaynda ishlab chiqarilishini aytgan edi. Qurilma ekranining “kemtik“ka ega bo‘lishi kompaniyaning aksariyat muxlislari g‘azabiga sabab bo‘lgan. Hozirda mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, bu «kemtik» 19.62 x 7.69 mm o‘lchamda bo‘ladi, ya’ni uning o‘lchami Essential Phone'nikidan katta, lekin iPhone X'nikidan kichikroq.

Hozirga qadar ushbu qurilma xususiyatlari to‘g‘risida ma’lum bo‘lgan ma’lumotlar quyidagicha:

- 6 dyumga teng 2880x1440 QHD + 18:9 o‘lchamli ekran va «kemtik» 
- Simsiz quvvatlanishga imkon yaratuvchi shisha dizayn
- Qualcomm Snapdragon 845 SoC protsessori
- 6GB RAM, 64, 128, 256GB ichki xotira (microSD qo‘yish imkoniyati bilan)
- Android 8.1 Oreo operatsion tizimi
- Qo‘shko‘z orqa kamera
- Orqa tomonga o‘rnatilgan to‘rtburchak shakldagi barmoq izi skanneri, Face Unlock (yuzni tanish funksiyasi)

Qurilmaning 256Gb ichki xotiraga ega talqini $749 atrofida sotilishi taxmin qilinmoqda.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!