Osiyocha innovatsiya: texnologik taraqqiyotning 10 tamoyili

Osiyocha innovatsiya: texnologik taraqqiyotning 10 tamoyili

Koreyaning taniqli KAIST Business School ta’lim muassasasi professori Sun Ju Park bir vaqtlar Samsung Group kompaniyasida bosh maslahatchi bo‘lib ishlagan.  Professor yaqinda Samsung, Lenovo, Xiaomi va Osiyoning boshqa texnologik kompaniyalarining bu qadar tezkor muvaffaqiyat qozonishlari yuzasidan shaxsiy tezisini e’lon qildi. Quyida professorning eng muhim fikrlarini e’tiboringizga havola qilamiz.

1. Turmush tarzining barcha jabhalariga ilg‘or g‘oyalarni joriy qiling. 10 ming yil avval guruch yetishtirilishi ham o‘sha davr uchun innovatsion yangilik bo‘lgan. Ammo, insoniyat 5 ming yil avval xamirturushli non tayyorlash sirini kashf qilgan. Bugungi texnologiyalar davrida bu kabi tarixiy innovatsiyalarni amalga oshirish oson ish emas. Ammo, jamiyatdagi ilg‘orlik avvalo, undagi har bir insondagi o‘zgarish, ich-ichidan yangilikka bo‘lgan ehtiyoj bois yuzaga keladi.

2. O‘z rizqingizni to‘g‘ri tanlang. Samsung agar analog televizorlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, Sony bilan kurashganida raqobatda allaqachon yaponiyalik raqibiga mag‘lub bo‘lgan, tanazzulga yuz tutgan bo‘lardi. Shu bois, koreyalik gigant raqamli televideniye texnologiyasini rivojlantirishga ahd qildi va muvaffaqiyat qozondi. Odamlar hayotiga innovatsion texnologiyani olib kirgani uni liderga aylantirdi.

3. Innovatsiya — bu faqat mahsulot emas. Bu, birinchi navbatda xizmat ko‘rsatish, biznes-jarayon yoki biznes-modeldir. Tushunarli tilda aytganda, bu shunchaki yangilik emas, balki hurmat va qadr-qimmatni oshiradigan omil. Har bir xizmat ko‘rsatuvchi bu tamoyilni tushunishi lozim.

4. Texnologiya bozorida doimo mutloq yetakchi va texnologiyani ishlab chiqaruvchi bo‘ladi. Misol uchun, kir yuvish mashinkasi texnologiyasini Bendix kompaniyasi ishlab chiqqan bo‘lsa ham, bu bozorda LG yetakchilik qiladi. Internetda ham Saerom kompaniyasi ovozli aloqani ilk bor ishlab chiqqan bo‘lsa, negadir hamma Skype’dan foydalanadi. Gibrid-avtomobillarni birinchi bo‘lib Pieper namoyish qilgan, biroq hamma Toyota’ni tan oladi. Ilk MP3-pleyerni koreyalik Saehan kompaniyasi ishlab chiqargan, lekin Apple’ning MP3-pleyerlari ommalashib ketdi. Yoki koreyalik Cyworld kompaniyasini ko‘pchilik tanimaydi ham. Vaholanki, Mark Sukerbergdan oldin Facebook’ g‘oyasi aynan Cyworld tomonidan ishlab chiqilgan. Aytmoqchimanki, birinchi bo‘lmasa ham, innovatsiya yordamida bozorda yetakchi bo‘lish mumkin.

5. Qanday qilib ilg‘or bo‘lish mumkin? Bir vaqtning o‘zida ham ijodiy, ham tanqidiy fikrlash orqali. Ideal g‘oya hech kimda bo‘lmaydi. Avvaliga ilmiy taklif yoki g‘oya izohi, ya’ni gipoteza bo‘ladi. Ularning qanchalar o‘zini oqlashini tahlil qilish kerak. Ilmdan farqli ravishda, kamdan-kam g‘oyalar universal bo‘lishi mumkin. Biznesda kompaniyalarning ilg‘orligini to‘g‘ri yondashuv hamda to‘g‘ri yechim belgilaydi.

6. Ko‘chirish – bu yomon odat emas. Bolalar nima qiladilar? Ular ota-onalariga taqlid qilishadi, ulardan fe’l-atvor ko‘chiradilar. Butun insoniyat tarixi – bu taqlid qilishdan iborat. Aynan ko‘chirish va taqlid qilish tufayli Yer yuzida g‘oyalar bir joydan ikkinchi joyga ko‘chib yuradi. Aynan shu jarayon innovatsiya va yangiliklarning manbai. Ko‘r-ko‘rona ko‘chirish esa noqonuniy, bu bilan hech kim uzoqqa bora olmaydi. Ijodiy jihatdan esa, ko‘chirmakashlik orqali yangilik olib kirish – bu ilg‘orlikning tug‘ilishiga xizmat qiladi. Bu biznesning muhim bo‘lagidir.

7. Osiyoda innovatsiyaning jadal rivoji aholi soni va talabning yuqoriligi, turmush tarzining jadal o‘sayotgani bilan bog‘liq. Shuningdek, bu yerda iqtisodiyot va ichki ulushning yuqorilab borishi boshqa mintaqalarga qaraganda juda tez. Shuning uchun ham, jahondagi har 3 ta yirik kompaniyadan biri bugun Osiyoda joylashgan. Aynan – Tayvan, Yaponiya, Xitoy va Koreyada.

8. Innovatsiya, ya’ni ilg‘orlikning “madaniy ildizlari”ga diqqat qiling. Birinchi o‘rinda “men” yoki “biz” turishi kerakmi? “Men” — bu individualizm, ya’ni shaxsiyatparastlik. “Biz” esa — jamoadoshlik, boshqalar bilan ham hisoblashish. G‘arb kishisi “baxt” deganda shaxsiy erkinlikni tushunsa, sharqliklar uchun ijtimoiy uyg‘unlik, odamlar orasida bo‘lish baxt degani. Osiyo davlatlaridagi rivojlanish ham aynan ana shu madaniy o‘zlik bilan bog‘liq. Sharq kompaniyalari ham biznes tamoyillarini, rivojlanish dasturlarini tuzishda shunga asoslanadilar, ular uchun kompaniya va uning xodimlari misoli bir oila. Ana shunda oila a’zolari har kuni bu xonadonga yangi ilg‘or fikrlar bilan shoshadilar.

9. Osiyodagi har bir xalqaro kompaniya o‘ziga xoslikka ega. Lenovo qayishqoq va ko‘p madaniyatli, Samsung — tezkor, Toyota — aniq va xoslashgan mahsulotlari, Xiaomi — arzon va sifatli mahsulotlari bilan tillarga tushgan. Biznesda o‘ziga xos jihatga ega bo‘lish juda muhim. Shunda siz to‘g‘rizda tez va oson eslashadi.

10. Sharq kompaniyalari “max-menejment”dan yaxshi foydalanadilar. Bu nima degani? Bu “tovush tezligi” menejmenti. Bu ilg‘or texnologik sanoat uchun juda zarur. Mahsulotni tezkor ishlab chiqarib, narx-navosini tezkor maqbullashtirish, uni yanada tezkor ilg‘orlashtirib, yana hammadan oldin bozorga chiqarish. Bularni hammasini tezkorlik bilan bajarish kerak. Bu sizga muvaffaqiyat keltiradi, xato qilsangiz, to‘g‘irlashga imkon beradi.

So‘nggi xulosa o‘rnida: boshqa kompaniyalar Toyota, Samsung va Lenovo kabi kompaniyalarning texnologiyasiga taqlid qilishi, ularni o‘g‘irlashi mumkinmi? Yo‘q. Boisi, buning uchun ularning biznes-modellari, boshqaruvdagi o‘ziga xosliklar, an’analarni ipidan-ignasigacha o‘rganib chiqish kerak bo‘ladi. Bir haqiqatni unutmang – innovatsiyaning yagona universal modeli yo‘q, u madaniy o‘zlik o‘zagiga chuqur o‘rnashgan bo‘ladi. Kimdandir nusxa ko‘chirishingiz mumkin, biroq ilg‘or bo‘lish uchun ijod qilishga majbursiz.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!