Osiyoning eng yosh IT-milliarderi qanday qilib boyigani haqida

Osiyoning eng yosh IT-milliarderi qanday qilib boyigani haqida

Forbes jurnali yaqinda DJI kompaniyasiga asos solgan xitoylik Frenka Van Taoning kapitalini hisoblab, uni texnologiya yo‘nalishi bo‘yicha Osiyoning eng yosh milliarderi deb atadi.

36 yoshli Van, shuningdek axborot texnologiyalari yo‘nalishida jahonning eng boy kishilari "top-100"taligiga ham kiritilgan. Uning mablag‘i $ 3,2 mlrd. dollarni tashkil qiladi. 

Van Tao bolaligidan parvoz qiluvchi buyumlarga bo‘lakcha mehr bilan ulg‘ayib, aviamodellashtirishga qiziqdi. Uning hobbisi kun kelib uning taqdiriga aylandi. Van Xitoyda dron ishlab chiqaruvchi muvaffaqiyatli kompaniyaga asos soldi.

DJI (SZ DJI Technology Co., Ltd. yoki Dajiang Innovation Technology Co.) kompaniyasi Xitoyning Shenchjen shahrida joylashgan va uchuvchisiz qurilmalari bilan mashhur. Gonkong universiteti talabasi bo‘lgan Frenk Van Tao hamda uning do‘stlari, shuningdek robototexnika bo‘yicha professor 2006 yilda bu kompaniyaga asos solishgan.

Avvaliga kichik firma bo‘lgan DJI kompaniyasi  $6000 dollar turadigan kichik uchar buyumlar tayyorlagan. Ularni asosan energetika kompaniyalari xarid qilib, ishda foydalanishgan. 2010 yilga kelib firma xodimlari soni 20 ta yetadi. Kompaniya har oy bir nechta dronlarni sotar edi. Bu esa kompaniya xarajatlari uchun yetarli emas edi.

Van Tao mahsulotlarni arzonlashtirish yo‘llarini izlay boshlaydi va  $1000 dollar turadigan dron ishlab chiqarishga erishadi. Bu esa xaridorlar sonining oshishiga xizmat qildi.

"Kelajak -- bo‘lajak" (The future of possible) shiorini olgan kompaniya 2013 yilda e’lon qilgan Phantom, Phantom 2 va Phantom 2 Vision kvadrokopterlari chinakam omad qushi bo‘ldi. Savdo hajmi 5 barobarga o‘sib, DJI $130 mln. dollar foyda oldi. Bu kompaniya uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi.

DJI 2014 yilda 400 ming dona Phantom turkumiga kiruvchi dronlardan sotadi. Uning ishchilari soni 3000 taga yetadi. 2015 yilda kompaniya jahon miqyosida fuqarolar foydalanishi mumkin bo‘lgan uchuvchisiz apparatlarning 70 foizini ishlab chiqaradi. O‘sha yili DJI suratga olish texnologiyasini rivojlantiruvchi Hasselblad kompaniyasini ham xarid qiladi.

2016 yilgi Phantom 4, ko‘pchilik ekspertlarning fikricha, o‘z raqiblari orasida tengsiz dron bo‘ldi. Shu yili yanada ilg‘or va ixcham Mavic droni ham sotuvga chiqarilgan.

Kompaniya bugun yuk tashiydigan kvadrokopterlar, suratga oluvchi multikopterlar ishlab chiqarmoqda. Ommaviy axborot vositalari, qutqaruvchilar, fermerlar, kino ijodkorlari, quruvchilar, harbiylar, kartografiyasilar bu uchuvchisiz qurilmalardan faol foydalanishmoqda.

Kompaniya o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy ishlarni moliyalashtiradi, ilg‘or talabalarni qo‘llab-quvvatlaydi. Yaqindagina AQShdagi Oq uy hududiga qulagan yoki Yaponiya bosh vazirining qarorgohi tomiga radioaktiv modda tashigan DJI dronlari haqidagi gap-so‘zlar kompaniya nomini reklama qilishga yordam bermoqda.

Kompaniya asoschisi Frenk Van Tao endi milliarder. O‘zing sevgan ishning senga daromad va huzur keltirish qanchalar yaxshi!

Jahonda IT sohasida $ 84,5 mlrd. mablag‘ bilan Bill Geyts yetakchilik qiladi. Osiyoda texnologiya yo‘nalishida eng boy mililarder Alibaba Group (Aliexpress, Tmall va boshqalar) asoschisi  Jek Ma hisoblanadi. Uning boyligi $37,4 mlrd. dollarni tashkil qiladi. Shuningdek, Tencent kompaniyasi asoschisi Poni Ma Uaten ham $ 36,7 mlrd. mablag‘ bilan Jekning o‘rniga "soya solmoqda".

Endi kompaniya dron va mahsulotlariga diqqat qilamiz.

DJI Phantom

Ommaviy ishlab chiqarilgan va  ommalashgan kvadrokopter. Uning maksimal tezligi soatiga 36 km.ni tashkil qiladi. Qurilma 15 minut to‘xtovsiz parvoz qila olgan. Pult yordamida uni 1 km uzoqlikdagi masofadan boshqarish mumkin bo‘lgan. Unga GoPro kameralari o‘rnatilgan. Phantom 2013 yilda $679 bahosida sotuvga chiqarilgan.

DJI Mavic Pro

Bu xushbichim dron kompaniya raqibi bo‘lgan GoPro'ning xuddi shu ko‘rinishdagi Karma droni bilan bir vaqtda taqdim qilingan. Uning maksimal tezligi – 65 km/soat. U 13 km masofagacha parvoz qilgan. Havoda 27 daqiqa ucha olgan. Dron kamerasi 4K video suratga olgan. Surat sifati uchun u o‘qli surat barqarorlashtirish tizimi joriy qilingan. Uning eng arzoni $750, eng qimmati $1300 dollardan sotuvga chiqarilgan.

DJI Zenmuse Z30

DJI faqat dronlar ishlab chiqarmaydi. Kompaniya assortimentida kameralar ham bor! Misol uchun, mazkur kamera modeli manzarani 30 karra yaqinlashtira olishi bilan o‘ziga xosdir. U dronga o‘rnatilsa, imkoniyatlar yanada oshadi. To‘g‘ri, u 549 gramm tosh bosadi va hamma kopter ham uni ko‘tara olmaydi. Bu kamera $9000 dollar turadi.

DJI Spark

2017 yil mayida taqdim qilingan, kenja mahsulotlardan biri bo‘lgna DJI Spark ixchamlikda beqiyos. O‘lchami 143x143x55 mm bo‘lgan hamda 300 gramm vaznga ega bu qurilma kaftga bemalol joylashadi. Uning tezligi soatiga 50 chaqirimga yetadi. Dron 2 km masofaga ucha oladi va quvvati unga havoda 16 minut uchishiga xizmat qiladi. Dronning 12 Mp kamerasi FHD video yozadi. Dronni imo-ishora bilan ham boshqarsa bo‘ladi. Misol uchun, agar foydalanuvchi barmoqlari yordamida qiyofasi qarshisida "ramka" yasasa, dron egasini suratga oladi. Qurilma $500 dollar turadi.