OurMine xakerlari bu gal Google bosh direktorini “nishonga” olishdi

OurMine  xakerlari bu gal Google bosh direktorini “nishonga” olishdi

OurMine guruhi hisob qaydnomalarini buzish orqali xavfsizlik muammolariga e’tiborni qaratishga harakat qilmoqda. Bu haqda Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi xabar bermoqda.
Buzg‘unchilar Quora xizmatidagi savol-javoblarda Google bosh direktori Sundar Pichaiga tegishli hisob qaydnomasini buzganlar. OurMine xakerlik guruhi mazkur hodisa bo‘yicha mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olgan. Mazkur xakerlik guruhi avvalroq Mark Sukerbergning ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarini buzgan edi.
The Next Web nashri xabariga ko‘ra, buzg‘unchilar Pichai nomidan Quora sahifalarida bir qator xabarlarni chop etganlar. Chunki, uning hisob qaydnomasi mazkur xizmatda Twitter ijtimoiy tarmog‘iga bog‘lab qo‘yilgan. Xakerlar o‘z yutuqlari – Google  bosh direktorining 508 ming folloverlari haqida ma’lumot tarqatdilar. Xakerlar buzilgan hisob qaydnomasida: “Salom, bu OurMine, biz shunchaki sizning xavfsizligingizni sinovdan o‘tkazyapmiz. Marhamat, uni yaxshilash uchun “OurMine”ga tashrif buyuring”, – deya xabar qoldirganlar.
Uch ishtirokchidan iborat OurMine guruhi texnologik kompaniyalar rahbarilariga uyushtirgan hujumlari bilan tanilganlar. Pichai va Sukerbergdan tashqari, Spotify rahbari Deniyel Ek, shuningdek, Twitter ijtimoiy tarmog‘ining sobiq rahbarlari Dik Kostolo va Evan Uilyamslar ham ushbu guruh qurboniga aylanganlar. Mic jurnalistlariga bergan intervyularida xakerlar faoliyatlarining dastlabki davrlarida shaxsiy ma’lumotlar izlab hisob qaydnomalarini buzish bilan shug‘ullanganlari, biroq keyinchalik o‘z yo‘nalishlarini o‘zgartirib, “xavfsizlik guruhiga” aylanib olganlari va akkauntlarni buzish orqali xavfsizlik masalalariga e’tiborni qaratishni maqsad qilganlarini bildirganlar.
Xakerlar – “Biz foydalanuvchilarning xavfsizligini sinovdan o‘tkazamiz. Hech qachon ularning parollarini o‘zgartirmaymiz. Boshqa xakerlar ularni buzishi va parollarini o‘zgartira olishi uchun ham shunday qilamiz”, – deya bayonot berganlar.
OurMine a’zolari Pichai hisob qaydnomasiga hujum uyushtirish paytida Quora platformasidagi zaiflikdan foydalandilar. Ularning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyaning bu muammodan xabari bo‘lgan bo‘lsa ham ular muammoni bartaraf etmaganlar.