O‘zbekistonda AKT mutaxassislariga talab katta

  •   DiMaX
  •  1143
  •  30.03.2019 11:44

O‘zbekistonda AKT mutaxassislariga talab katta

Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Farg‘ona filialida axborot texnologiyalari va kommunikatsiya sohasida bo‘sh ish o‘rinlariga yosh mutaxassislarni jalb etishga qaratilgan mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Bu to‘g‘rida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bergan.

O‘QING: AKT sohasida Koreya bilan hamkorlik davom etadi

Bugungi kunda mamlakatimizda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yuqori malakali mutaxassislarga talab ortib bormoqda. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning hududiy filiallarida soha uchun malakali mutaxassis kadrlar tayyorlanmoqda. Universitetning Farg‘ona filialida barcha sharoit yaratilgan bo‘lib, talabalar zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qunt bilan o‘rganmoqda.

Filial bitiruvchilari uchun tashkil etilgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasida viloyatdagi 40 dan ziyod tashkilot va korxona ishtirok etdi. Yarmarka talabalarni ish bilan ta’minlash, bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘naltirish, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, talab va ehtiyojni o‘rganish maqsadida an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinmoqda.

– Mazkur oliy o‘quv yurtini tamomlayotgan 300 dan ziyod talaba bugun mehnat yarmarkasida ishtirok etmoqda, – deydi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Farg‘ona viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Halimjon Qurbonov. – Zamonaviy bilimlarni egallagan yosh mutaxassislarning kompaniyalarga, tashkilot va korxonalarga, davlat idoralariga ishga joylashishida ko‘maklashish asosiy maqsadimizdir.

O‘QING: Azim Ahmadxo‘jayev: «O‘zbekistonga axborot texnologiyalari sohasida yarim milliondan ortiq mutaxassis kerak»

– Taklif etilayotgan bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishdim, – deydi telekommunikatsiya texnologiyalari va kasbiy ta’lim fakulteti 4-kurs talabasi Odiljon Qurbonov. – To‘rt yil davomida «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi Farg‘ona viloyat filiali Uchko‘prik tumani bo‘limida uch tomonlama shartnoma asosida amaliyot o‘tadim. Tajribali mutaxassislardan ish o‘rgandim. Bugun esa yosh mutaxassis sifatida shu yerga ishga qabul qilindim. Bundan xursandman.

– Kompyuter injiniring fakultetini tamomlash arafasida o‘zimga munosib ish tanladim, – deydi yana bir bitiruvchi Abror To‘ychiboyev. – Uch tomonlama shartnomaga asosan Farg‘ona viloyat «Suvoqova» davlat unitar korxonasida amaliyotda bo‘ldim. Endi mutaxassis sifatida bo‘sh ish o‘rniga, operator vazifasiga ishga joylashayapman. Universitetda olgan bilimimni tajribada qo‘llash vaqti yetganidan xursandman.

Mehnat yarmarkasida 27 nafar bitiruvchi bilan uch tomonlama shartnoma tuzildi. Shuningdek, yoshlar mehnat muhofazasiga oid amaldagi qonunchilik haqidagi ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

O‘QING: Farzandingiz nega axborot texnologiyalari mutaxassisi bo‘lishi kerak?