O‘zbekistonda endi barcha smartfon va planshetlar IMEI bo‘yicha ro‘yxatga olinadi!

  •   DiMaX
  •  1595
  •  25.10.2018 16:02

O‘zbekistonda endi barcha smartfon va planshetlar IMEI bo‘yicha ro‘yxatga olinadi!

O‘zbekiston Respublikasida 2019 yilning 1 aprelidan boshlab barcha mobil qurilmalar IMEI bo‘yicha ro‘yxatga olina boshlaydi. Ushbu me’yor Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktyabrdagi 847-sonli qarori bilan belgilab qo‘yildi.

O‘QING: O‘zbekistonda barcha turdagi mobil gadjetlar ro‘yxatga olinadi

Maqsad – mobil qurilmalardagi o‘ziga xos identifikatsiya kodlari to‘g‘riligini tekshirish orqali ularning mulkdorlari huquqlarining himoya qilinishini ta’minlash, apparatlardan ularning egalarini ogohlantirmasdan noqonuniy foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik va sifatsiz qurilmalar sotilishining oldini olish, deyiladi NORMA.UZ portali izohida.

Ma’lumot uchun: IMEI (ingl. International Mobile Equipment Identity – mobil qurilmaning xalqaro identifikatori) – odatda, 15 ta raqamdan iborat bo‘lgan, apparatning o‘zida (klaviaturada *#06# terilganda ekranda ko‘rinadi), akkumulyator batareyasi ostida, o‘ramida va kafolat talonida ko‘rsatiladigan noyob raqam. GSM, WCDMA va IDEN tarmoqlari uyali aloqa telefonlari, planshetlar va ayrim yo‘ldosh aloqa telefonlarida IMEI kodlari qo‘llaniladi.

Eslatib o‘tamiz, xuddi shu mazmundagi Prezident qarori loyihasini sharhlangan edi. O‘shanda ro‘yxatga olinmagan qurilmalarni mobil tarmoqlarga ulashni taqiqlash taklif etilgan edi. Bu mobil qurilmalar nolegal olib kirilishini qisqartirish va bojxonada rasmiylashtirilmagan tovarni aniqlash imkonini berishi aytilgan edi.

Pirovard natijada hujjat Hukumat qarori shaklida qabul qilindi. Unda yuqorida tilga olingan maqsadlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri belgilanmagan. Biroq ro‘yxatga olish foydalanilayotgan, olib kelinadigan va ishlab chiqariladigan mobil telefonlar va mobil aloqa moduliga ega qurilmalarga daxl etadi.

Buning uchun maxsus axborot tizimi yaratiladi, UZINFOCOM uning operatori etib belgilandi. Identifikatsiya kodini ro‘yxatga olish va maqomini tekshirish xizmatlari Internet orqali ko‘rsatiladi. Hududlarda ro‘yxatga olish va maslahat xizmatlarini ko‘rsatish punktlari tashkil etiladi.

Ro‘yxatga olish pulli bo‘ladimi, xizmat qiymati qancha bo‘ladi, u qay tartibda ko‘rsatiladi – bularning barini Axborot kommunikatsiyalari vazirligi 3 oy davomida belgilashi lozim. Vazirlar Mahkamasining ushbu masalalar yuzasidan keyingi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga olib chiqiladi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 24.10.2018 sanasidan kuchga kirdi.

O‘QING: Android tizimidagi barcha smartfon va planshetlarning maxfiy kodlari

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!