Pasport va propiskani rasmiylashtirish elektron formatga o‘tkaziladi

Pasport va propiskani rasmiylashtirish elektron formatga o‘tkaziladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 iyul kuni ichki ishlar organlarining migratsion jarayonlar va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasidagi faoliyatini tubdan yaxshilash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Hujjatda Ichki ishlar vazirligiga qator yangi vazifalar belgilandi, deb xabar beradi Daryo.uz.

Shular sirasida — barcha migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalarining faoliyatini tashkil etishni yangi sifat bosqichiga ko‘tarish, barcha vazifa va funksiyalarni aniq taqsimlash.

Aholini pasportlashtirish, O‘zbekistonga kirish va bu yerda bo‘lib turish, fuqarolikni qabul qilish, yo‘qotish, fuqarolikdan chiqish, shuningdek, siyosiy boshpana taqdim etish singari jarayonlarni tahlil qilish, baholash va prognozlashning samarali mexanizmlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Asosiy yo‘nalish — migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari xodimlari orasida profilaktika tadbirlarini kuchaytirish, aholiga xizmat ko‘rsatishda, shu jumladan, boshqarib bo‘lmaydigan navbatlar hosil bo‘lganda yuzaga keladigan korrupsiya va mansabni suiiste’mol qilish holatlarini bartaraf qilish.

Pasport tizimi qoidalarining buzilishi, noqonuniy migratsiya faktlarini bunga sabab bo‘luvchi sabab va shartlarni kompleks o‘rganish asosida aniqlash va bartaraf qilish tizimini takomillashtirish rejalashtirilmoqda.

Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari faoliyatiga yaqin oylar ichida davlat xizmatlari ko‘rsatish va fuqarolarni pasport tizimi masalalarida qabul qilishni nazorat qilishning elektron tizimi joriy etilishi boshlanadi.

Davlat xizmatlari ko‘rsatilishining osonlashtirilgan tizimini ta’minlovchi elektron tizim 2018 yil 1 maydan joriy etilishi aytilmoqda.

IIV migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi strukturasida elektron axborot tizimlari boshqarmasi tashkil etiladi. Boshqarma, ko‘rsatilgan tizimlarni joriy etish va rivojlantirishdan tashqari, doimiy va vaqtinchalik propiska, yashash joyida hisobga olish, O‘zbekistonga kirish, bo‘lib turish va O‘zbekistondan chiqish, fuqarolikka qabul qilish, fuqarolikdan chiqish va uni yo‘qotish, siyosiy boshpana taqdim etishi sohasida integratsiyalashgan ma’lumotlar bazasini qo‘llab-quvvatlab turadi.

Qarorda qo‘shimcha tarzda migratsiya sohasidagi O‘zbekiston kompetent organlarining vakolatxonalari chet el davlatlari hududida, birinchi galda O‘zbekiston fuqarolari ko‘p bo‘lgan davlatlarda ochilishi, shuningdek, chet el davlatlarida ro‘yxatdan o‘tish va ishga joylashish uchun ruxsat olish tartibini osonlashtirish ko‘zda tutilgan.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!