Phab 2 Pro: borliqni 3D formatda ko‘ruvchi ilk smartfon  

Phab 2 Pro: borliqni 3D formatda ko‘ruvchi ilk smartfon  

9 iyun kuni Amerikaning San-Fransisko shahrida bo‘lib o‘tgan Lenovo’ning Tech World texnologiyalar konferensiyasi nufuzi va ko‘lami jihatidan Apple hamda Samsung’nikidan farq qilmadi, deya xabar tarqatmoqda xalqaro ommaviy axborot vositalari.

Bir qator innovatsion texnologiyalar qatorida taqdim etilgan Phab 2 Pro smartfonlarining namoyishi ham esda qolarli bo‘ldi.

lenovophab2pro_tango_big1

Phab 2 Pro metall korpusli bo‘lib, uning qalinligi 8.9 mm. 6.4 dyuymli displeyning piksellar sig‘imi 2,560 x 1,440, ya’ni smartfon ekrani QHD texnologiyasiga ega.

4 GB tezkor va 64 GB doimiy ichki xotiraga ega gadjet Qualcomm Snapdragon 652 protsessorining Tango talqini bilan ta’minlangan.

Phab 2 Pro’ning bosh kamerasi 16 MP bo‘lib, u bir qancha kamera datchiklariga ega. Bu sensorlar harakatni qayd etish, o‘lchamni aniqlash, atrofni o‘rganish kabi vazifalarni bajaradi va borliqni 3D formatda ko‘radi.

Yana bir muhim jihati shundaki, infraqizil texnologiyasi tatbiq qilingan kamera yordamida 3D o‘yinlar yaratish, misol uchun tasvirga hayvon va ba’zi jismlarni joylashtirish mumkin.

Phab 2 Pro’da, shuningdek barmoq izlari skaneri mavjud. Uning quvvat toshi – akkumulyatorining elektr quvvat sig‘imi  4,050 mA soat. Akkumulyator Turbo tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega.

Phab 2 Pro hamda uning yanada kuchliroq talqini Phab 2 Pro Plus sentyabr oyidan 499 AQSh dollaridan sotuvga chiqariladi.