Plastik kartochka yo‘qolsa nima qilish kerakligini bilasizmi?

Plastik kartochka yo‘qolsa nima qilish kerakligini bilasizmi?

— “On-line” yoki “Off-line” rejimidagi bank plastik kartochkasi yo‘qolsa, uni tiklash mumkinmi?

Gulnora Xolmurodova,  Qo‘shko‘pkir tumani.

Savolga O‘zbekiston Markaziy bankining Pul muomalasi departamenti direktori Muhiddin Mo‘minov javob beradi:

— Bank plastik kartochkalarini iste’moldan chiqarish hamda ulardan foydalanishni vaqtincha cheklash bilan bog‘liq harakatlar Markaziy bank boshqaruvi raisining 2004 yil 21 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan va Adliya vazirligida 2004 yil 30 aprelda ro‘yxatga olingan “Tijorat banklari tomonidan bank kartalarini chiqarish va ularning O‘zbekiston Respublikasida muomalada bo‘lishi tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 26-bandiga asosan tartibga solinadi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, “on-line” yoki “off-line” rejimida ishlaydigan bank plastik kartochkasi yo‘qotilganda, fuqaro zudlik bilan xizmat ko‘rsatuvchi bankni bu haqda yozma ravishda yoki telefon orqali xabardor qilishi kerak. Shundan so‘ng plastik kartochka orqali amalga oshiriladigan operatsiyalar vaqtincha to‘xtatib qo‘yiladi va mijozga belgilangan tartibda yangisi beriladi.

Yo‘qotilgan yoki shikastlangan plastik kartochkalar o‘rniga yangisi berilganda jismoniy va yuridik shaxslardan Markaziy bank va O‘zbekiston banklari assotsiatsiyasi tomonidan 2012 yil 11 aprelda tasdiqlangan “Plastik kartochkalar orqali naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirishda bank va nobank kredit tashkilotlari tomonidan amal qilinishi lozim bo‘lgan yagona tariflar rejasi”da belgilangan miqdorda haq undiriladi.

Manba: Sof.uz

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!