PlayStation VR (virtual voqelik) shlemi kuzda sotuvga chiqariladi

PlayStation VR (virtual voqelik) shlemi kuzda sotuvga chiqariladi

Bu yil kuzda  PlayStation 4 foydalanuvchilari Oculus Rift hamda HTC Vive rusumidagi VR-shlemlarida PlayStation video o‘yinlarini o‘ynash baxtiga musharraf bo‘lishadi. Bu haqida GameStop kompaniyasi rahbari Pol Reyns Fox telekanali bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda ma’lum qilgan.

Video o‘yinlar, o‘yin o‘ynashga mo‘ljallangan qurilma va aksessuarlarning chakana savdosi bilan shug‘ullanadigan yirik kompaniya rahbari – Pol Reynsning so‘zlariga ko‘ra, sotilishi rejalashtirilgan virtual voqelik pristavkalari Sony kompaniyasining mahsulotidir. Ularda virtual voqelik tizimi uchun yaratilgan ilk video o‘yinlarni o‘ynash mumkin. PlayStation 4 pristavkasiga ulangan shlemda o‘yinlardagi tasvir va audioni qayta ishlaydigan dasturiy va apparat ta’minoti mahsulotlari tizimi mavjud bo‘ladi.

Ayni kunda GameStop kompaniyasi boshqa ishlab chiqaruvchilar bilan ham muzokara olib bormoqda.

Hozircha Sony bu to‘g‘rida rasman e’lon qilgani yo‘q. Kompaniya tomonidan avval tarqatilgan xabarlarda yangi qurilmaning 2016 yilning 1 yarim yilligida,  $400 dan $800 AQSh dollarigacha bo‘lgan narxda sotuvga chiqarilishi aytilgan edi. Ayni paytdagi ma’lumotlarga qaraganda, PlayStation VR taxminan 300 AQSh dollari narxida sotilishi mumkin.

2015 yilning 29 iyunida namoyish qilingan eng so‘nggi PlayStation 4 video o‘yin pristavkasi bugungi kunga qadar 35.9 million dona sotilgan. Millionlab ishqibozlar o‘yinlarni virtual voqelik shlemida o‘ynab ko‘rish istagida ekanligi hisobga olinsa, VR-shlemlar ommaviy ravishda sotilishi mumkin.

$600 dollar bo‘lishi kutilayotgan Oculus Rift qurilmasiga mart oyidan boshlab buyurtma berish mumkin bo‘lsa,  HTC Vive PRE ko‘zoynagi aprelida taqdim qilinadi.

PlayStation VR’ning ilk talqini Oculus Rift ko‘zoynagidek kuchli bo‘lmasligi mumkin. Sababi, Oculus qurilmasida Nvidia GTX 970 grafik-tasvir protsessoridan foydalanmoqchi. PlayStation 4 esa Nvidia GTX 660 protsessoriga o‘xshash bo‘lgan “yurakcha” bilan ta’minlanadi.  Shuningdek, narx masalasida ham Oculus Rift qimmatroq. PlayStation’dan farqli o‘laroq, Oculus’ga mo‘ljallangan pristavkaning dastur va imkoniyatlarini yangilab borish mumkin.

Bu yo‘nalishda Oculus va HTC Sony’ning eng kuchli raqobatchilaridir. Agar ular bu loyihaga qo‘shilmas ekanlar, ularning shlemlaridan foydalanish istagida bo‘lganlar video o‘yinlarni virtual shlemlarda o‘ynash uchun shaxsiy kompyuterlar sotib olishlariga to‘g‘ri keladi.

Aftidan, 2016 yil virtual voqelik texnologiyasi yangiliklariga juda boy bo‘ladigan ko‘roinadi. Bir yoqdan Oculus kompaniyasining Oculus Rift, boshqa tarafdan million dona sotilgan Google’ning Cardboard virtual voqelik ko‘zoynagi, yana Sony kabi ulkan texnologiya ishlab chiqaruvchisining bu yo‘nalishdagi mahsulot va izlanishlari ayni paytda qizg‘in pallasiga yetgan. Bu esa video o‘yinlar savdosining ham oshib ketishiga xizmat qiladi.

Yil boshida jahonning yirik investitsiya banklaridan biri – The Goldman Sachs 2025 yilga kelib virtual voqelik qurilmalari savdosining pul aylanmasi bugungi kompyuterlar savdosinikiga teng bo‘lib, 80 milliard AQSh dollariga yetishi haqida ma’lumot tarqatgan.