Pokistonda Facebook foydalanuvchisi o‘limga hukm qilindi

Pokistonda Facebook foydalanuvchisi o‘limga hukm qilindi

Pokistonlik 30 yoshli Taymur Raza Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Muhammad Payg‘ambarni haqoratlab qoldirgan postlari bois, mamlakatning terrorizmga qarshi kurashish sudi tomonidan o‘lim jazosiga hukm qilindi, Buyuk Britaniyaning Dailymail nashri xabar tarqatmoqda.

Bu mamlakat tarixida ijtimoiy tarmoqda dinni tahqirlagani uchun tatbiq qilingan ilk o‘lim jazosi hisoblanadi. Qolaversa, mazkur jinoiy ish yuzasidan olib borilgan tergov va surishtiruv jarayonlari shaxsan mamlakat bosh vaziri nazoratida.

Ma’lum bo‘lishicha, tergov jarayonida ham jinoyatchining smartfonidan odamlarda Islom diniga nisbatan salbiy munosabatlar uyg‘otadigan bir qancha materiallar topilgan.

Pokiston Islom Respublikasida dinni haqoratlash bilan bog‘liq jinoyatlarni tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy hujjatlar mavjud. Garchi, shu vaqtgacha dinni haqorat qilgani uchun kimningdir hukumat tomonidan o‘limga hukm qilingani qayd etilmagan bo‘lsa ham, 1990-yillardan boshlab shu kunga qadar 70 ga yaqin odam olomon tomonidan sudsiz qatl qilingan.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!