Premium mahsulotlar ishqibozlari uchun Lenovo taqdim etadi: ThinkPad T480 (to‘liq tavsif)

Premium mahsulotlar ishqibozlari uchun Lenovo taqdim etadi: ThinkPad T480 (to‘liq tavsif)

Direktorlar kengashi uchun choraklik hisobot yozasizmi yoki o‘quv materiallaringizni tayyorlaysizmi, sizga nafaqat tez ishlovchi, balki o‘zingizning ham tez ishlashingizni ta’minlovchi leptop kerak bo‘ladi.

O‘zining 17 soatdan ortiq akkumulyator avtonomligi, chiroyli dizaynli klaviaturasi, portlarning ko‘pligi bilan Lenovo'ning ThinkPad T480 noutbuki sizga tez ishlab, bor e’tiboringizni samaradorlikka qaratishingizga yordam beradi; u bilan akkumulyator quvvati tugab qolishi yoki portlarning yetarli emasligi haqida o‘ylab ham o‘tirmaysiz. Hozirgi biznes toifa leptoplari orasida samaradorlik, portabellik va narx o‘rtasidagi haqiqiy muvozanatga ega ushbu 14 dyuym ekranli leptopni 10 956 000 so‘m evaziga xarid qilishingiz mumkin.

Texnik jihatlari: 

CPU: Intel Core i5-8350U;

Operatsion tizim: Windows 10 Pro;

RAM: 8GB;

Maksimal RAM hajmi: 16GB;

Qattiq disk hajmi: 256GB;

Qattiq dsik turi: NVMe PCle SSD;

Displey o‘lchami: 14.1"

Mavjud eng yuqori displey rezolyusiyasi: 2560 x 1440;

Mahalliy rezolyusiya: 1920 x 1080;

Videokarta: Intel HD Graphics 620;

Videoxotira: umumiy;

Wi-Fi: 802. 11 a/b/g/n/ac;

Bluetooth: Bluetooth 4.1;

Sensor paneli hajmi: 3.9 x 2.6 dyuym;

Portlar (USB'dan tashqari): HDMI, Thunderbolt 3, USB 3.0, USB Type-C; Combo quloqchin/mikrofon tirqishi, Ethernet;

USB portlar soni: 4 ta;

Xotira kartasi uyasi: SD karta uyasi;

Kafolat: bir yillik standart kafolat;

O‘lchamlari: 13.25 x 9.15 x 0.78 dyuym;

Vazni: 1.62 kg, akkumulyator bilan 1.8 kg;

Narxi: 10 956 000 so‘m (sotib olish);

Kompaniya veb-sayti: www.lenovo.com.

Dizayni

Standart qora rangli korpusli ThinkPad T480 dizaynini chiroyli deyish mumkin, lekin o‘ta nafis emas. Aslida, Lenovo'dagilar bir necha yillardan buyon ThinkPad'lar dizayniga o‘zgartirish kiritmayapti. Shu uchun bir qarashda T480'ni T470 yoki T460'dan farqlash qiyin. 

13,25 x 9,15 x 0,78 dyuym hajmi, 1,62 kg (katta sig‘imli akkumulyatori bilan qo‘shib hisoblaganda esa 1,80 kg) vazni bilan qahramonimiz biznes leptoplari orasida eng ingichka yoki eng yengili ham emas.

Portlar

ThinkPad T480 uchun sizga ortiqcha dongl (adapter turi) kerak emas. Leptopda sizga kerak bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha portlar, xususan, ikkita USB 3.0 konnektori, toʻliq hajmli Ethernet porti, HDMI va SD-karta tirqishlari ham joylashgan.

T480 USB Type-C porti orqali quvvat oladi. Qo‘shimcha qurilmalar, masalan, yuqori tezlikda ishlovchi grafika kartalarini ulash uchun alohida Thunderbolt 3 konnektoriga ham ega. Type-C portning mavjudligi uchinchi tomon quvvatlagichlari orqali ham noutbukni zaryadlash imkonini beradi.

Chidamliligi va xavfsizlik

Buzilib qolishi yoki biror korhol bo9lishi haqida o‘ylanmasdan, ushbu leptop bilan biznes safarlari amalga oshirsangiz bo‘ladi. Barcha ThinkPad'lar qatori T480 MIL-SPEC sinovidan o‘tgan. Bunda noutbuk o‘ta ekstremal harorat, namlik, chang va vibratsiya ostida sinovdan o‘tkaziladi. Shu bilan birga Lenovo'ning o‘zi ham noutbuk ustida kresh testlar o‘tkazgan.
Agar qurilmani katta korxona uchun xarid qilayotgan bo‘lsangiz, sizga unda Intel vPro'ning mavjudligi yoqib tushadi. Bu kompyuterni masofadan boshqarishni osonlashtiruvchi texnologiya sanaladi. Leptop, shuningdek, dTPM shifrlash, barmoq izi skaneri va infraqizil kameraga ham ega. Shulardan oxirigisi versiyasiga qarab, ba’zi T480'larda bor, ba’zilarida esa yo‘q. Barmoq izi skaneri qurilmaga buzib kirishni yanada murakkablashtirish uchun match-on-chip (chipda moslik) texnologiyasidan foydalanadi. Bunda barmoq izi ma’lumotlari yagona chipda saqlanib, uning o‘zida tekshiriladi, ya’ni biometrik ma’lumot autentifikatsiya uchun host chipga o‘tkazilmaydi. Bu esa sistemaga xakerlik hujumi uyushtirilganda ham, barmoq izi ma’lumotlari xavfsiz bo‘lishini ta’minlaydi.

Displeyi

1920x1080p kattalikdagi sensorsiz (tachskrin talqinlari ham bor) ekrani tasvirni o‘tkir ko‘rsata oladi, ko‘rish burchagi ham keng. Biroq rang va yorug‘lik borasida o‘ziga xoslikka ega emas. Kolorometr tekshiruvlarida ThinkPad T480 ekrani sRGB ranglar gammasidagi 77% rangni ko‘rsata oladi. Bu esa 111% ko‘rsatkichli yuqori tpifa leptoplarining o‘rtacha ko‘rsatkichidan ancha kam. T480'ning "uka"si T470 ham 72 foizlik natija qayd etgan. Biroq ThinkPad X1 Carbon (1080p ekrani bilan 129%; 2K HDR ekrani bilan esa 199%), Dell Latitude 7390 (132%) va HP EliteBook 1040 G2 (112%) lar har ikki ThinkPad'ni changida qoldirgan. Leptopning yaltiroq bo‘lmagan teksturali ekrani nur qaytarmaydi, bu esa displeyning maksimal yorug‘lik ko‘rsatkichi o‘rtachadan ham pastroq (269 nit) ekanligi bilinmasligiga oz bo‘lsada hissa qo‘shadi. X1 Carbon (1080p ekranda 293 nit; 2K HDR ekranda 496 nit), EliteBook 1040 G4 (292 nit) va Latitude 7390 (286 nit) lar T480'dagidan ancha yorug‘roq displeyga ega. Ma’lumot uchun, premium toifa leptoplarining bu mezon bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichi 293 nitga teng. T470 ham 269 nit natija qayd etgan.

Audio

Biznes leptopi sifatida ThinkPad T480 audiolarni sifatli chiqara oladi. Maksimal balandlikda qo‘yilganda, musiqani o‘rtacha kattalikdagi xona bo‘ylab bemalol eshitish mumkin. Lenovo Vantage sozlamalar ilovasidagi Dolby audio tizimida ovoz, kino, musiqa va o‘yin rejimlari mavjud. Qaysi ilovadan foydalanayotganingizdan kelib chiqib, Dolby mos rejimni avtomatik ravishda tanlaydi. Shuningdek, mikorfonga bir yoki bir necha ovozga qarshi filter qo‘yishingiz mumkin. Agar qo‘ng‘iroq davomida matn terishingizga to‘g‘ri kelsa va suhbatdoshingiz klavishlar shovqinini eshitmasligini xohlasangiz, klaviatura tovushiga ham filter qo‘ysangiz bo‘ladi.

Klaviatura, sensor paneli va kursor boshqaruvchisi

O‘zining barmoqqa yoqimli teksturali va bosilganda baland tovush chiqaruvchi klavishlarga ega klaviaturasi bilan ThinkPad T480 foydalanuvchiga a’lo darajadagi yozish amalaiyotini beradi. Klavishlar 1.7 millimetr uzunlikda bo‘rtib chiqqan bo‘lib, bosish uchun 72 gramm kuch talab etadi. Laptopmag sayti insayderi Avram Piltch 10fastfingers.com'ning matn terish testida qahramonimiz klaviaturasi bilan daqiqasiga 6 foiz xatolik darajasi bilan, 105 ta so‘z yoza olganini, bu esa o‘zining odatdagidan tezroq va ayni damda ko‘proq xatoga ega natijasi ekanligini yozadi.
ThinkPad'lar ishqibozlari T480 klaviaturasi, umuman olganda a’lo darajada baholash mumkin bo‘lsada, o‘tgan yilgi T470 yoki bu yilgi X1 Carbon'lar kabi chertishlarga tezkor javob qaytara olmaydi. Vaholanki, yuqoridagi ikki leptop klaviaturasi klavishlari bo‘rtmasi balandroq (mos ravishda, 2 va 1.8 mm) hamda shovqini ko‘proq.

Boshqa thinkPad'lar qatori, T480'da ham TrackPoint kursor boshqaruvchisi va tugmalarsiz sensor paneli mavjud. TrackPoint hammaga ham yoqmasa-da, u bilan matn terayotganda barmoqlarni asosiy qator klavishlaridan uzmagan holda kursorni istalgancha harakatlantirish mumkin. Ma’lumot uchun, kursor boshqaruvchisi ko‘chma kompyuterlarning ba’zilariga o‘rnatib, sichqoncha vazifasini bajaradi.

Insayder Piltch o‘tkazgan sinovda 3.9 x 2.6 dyuym hajmli sensor paneli ekran bo‘ylab aniq navigatsiyani ta’minlay olgan. U, shuningdek, bir necha barmoq bilan qilingan ishoralar, masalan, zum uchun ikkita barmoqdan foydalanilganda yoki uch barmoq bilan savyp qilinganda ham bu buyruqlarni ekranda tezkor namoyish qila olgan.

Ishlashi

Intel Core i5-8350U asosiy protsessori, Nvidia MX150 grafik protsessori, 8GB operativ xotirasi va 256GB PCle SSD'si bilan Lenovo ThinkPad T480 har qanday topshiriqni shunchaki tez emas, balki o‘ta tez amalga oshiradi. Bir vaqtning o‘zida bir necha oyna ochasizmi yoki videokonferensiyalar uyushtirasizmi, leptop hech qanday qotishlarsiz ishlaydi.
Geekbench 4 sintetik testida T480 umumiy hisobda 12,047 ball yig‘gan. Bu yuqori toifa leptoplarning o‘rtacha (9,724 ball) ko‘rsatkichidan anchayin yuqori. Lekin tan olish kerak, Core i7-8650U CPU'li Dell Latitude 7390 (13,990 ball) va Core i5-8250U'da ishlovchi X1 Carbon (13,173 ball) lardan nisbatan orqada. ThinkPad'ning Core i5-8250U CPU'li T480s talqini ham 12,044 ballga loyiq topildi. Yettinchi avlod Core i5-7200U chipi o‘rnatilgan HP EliteBook 1040 G4 esa atigi 8,360 ball to‘play oldi.

Excel dasturida 65,000 ta ismni manzili bilan moslab chiqish uchun T480'ga atigi 1 daqiqa-yu 11 soniya kerak bo‘ldi xolos. Bu premium toifaning o‘rtacha tezligi (1:42) dan 30 soniya tezroq, lekin T480'dan 10 soniya sekin (1:01), X1 Carbon (1:11) bilan esa bir xil natija. Latitude 7390 esa xuddi shu topshiriqni bajarishda 1:07 daqiqali ko‘rsatichga qayd etgan. EliteBook esa 2 daqiqa-yu 7 soniya.

HandBrake ilovasidan foydalanib, 4K video rezolyusiyasini 1080p rezolyusiyaga aylantirish uchun T480'dan 18 daqiqa 9 soniya talab qilindi, bu toifa o‘rtacha ko‘rsatkichi (21:46) dan ancha tez. Taqqoslash uchun, ayni topshiriqni Latitude roppa-rosa 17 daqiqada, X1 Carbon 19 daqiqada, T480s esa 19 daqiqa 14 soniyada bajardi.
Qahramonimizning 256GBlik PCle-NVMe doimiy xotirasi 4.97GB hajmdagi aralash formatdagi media fayllarni soniyasiga 267 Mbit tezlikda, atigi 19 soniyada ko‘chirish imkonini beradi. Bu ushbu kategoriya leptoplari o‘rtacha tezligi (272.45 Mbit/sek.) ga mos natija. Afsuski, T480s (282,7 Mbit/sek.), Latitude 7390 (318,1 Mbit/sek.) va X1 Carbon (565,4 Mbit/sek.) larning bari bizning leptopni bu horada ortda qoldirdi.

Grafika

T480'ning Nvidia MX150 GPU'li talqinida o‘tkazilgan sinovlar shuni ko‘rsatdiki, leptopning grafik protsessori har qanday oddiy darajadagi vazifani bajarish, media tomosha qilish yoki oddiyroq o‘yinlar o‘ynashda hech qansay qiyinchiliksiz ishlaydi.
Dirt 3 o‘ynida esa tizim 1920 x 1080 rezolyusiyada soniyasiga 117 kadr tezlikda ishlay oldi. Bu a’lo natija bo‘lib, kategoriyasining o‘rtacha ko‘rsatkichi (60 kadr/sekund) dan ikki barobar ko‘proqdir. Qahramonimizning natijasi Lenovo ThinkPad T480s (57 kadr/sekund), ThinkPad X1 Carbon (64 kadr/sekund), Dell Latitude 7390 (56 kadr/sekund) va HP EliteBook 1040 G4 (63 kadr/sekund) lar qayd qilgan tezlikdan ham ikki barobar ko‘proqdir.

3DMark Ice Storm Unlimited sintetik grafika testida esa T480 132,991 ball to‘pladi. Bu baho T480s (73,764), X1 Carbon (80,588), Latitude 7390 (80,426) lar ko‘rsatkichi va toifaninng oprtacha me’yori (81,182) dan anchagina yuqori.

Akkumulyator avtonomligi

Insayder Piltchning yozishicha, u tekshirib ko‘rgan barcha hozirgi avlod leptoplari orasida ThinkPad T480'ni akkumulyator avtonomligi qiroli, deyish mumkin. 72 vatt/soat quvvatda ishlovchi olti elementli akkumulyatori bilan T480'dan 17 soat 19 daqiqa mobaynida foydalanish mumkin. Bu natija Laptop Mag Battery Test'dan olingan bo‘lib, sinov jarayonida Wi-Fi orqali leptop bilan uzluksiz ravishda internetdan foydalanilgan. Ushbu ko‘rsatkich premium leptoplar kategoriyasi o‘rtacha natijasini (8:52 soat) changida qoldiradi; ThinkPad X1 Carbon (1080p ekranli versiyasida 11:01 soat; 2K HDR ekranli talqinida 10:28 soat), ThinkPad T480s (11:29 soat) va Dell Latitude 7390 (10:23 soat) larning "A’lo" deb baholash mumkin bo‘lgan avtonomligidan ham anchayin yuqori.
Biroq leptopning kompaniya taqdim qiladigan uch elementli akkumulyator bilan sotib olsangiz, avtonomlik o‘rtachadan ham past bo‘lgan 8 soatu 7 daqiqaga tushib ketadi. Shuning uchun, xaridni amalga oshirayotganingizda 72 vatt/soatli sistemaga ega variantni xarid qilishingizni maslahat beramiz (bu uchun 29 dollar atrofida qo‘shimcha sarflashingiz kerak bo‘ladi). ThinkPad T480'da -- Lenovo'ning akkumulyatorni noutbuk ishlayotganda ham almashtirish imkonini beruvchi -- Power Bridge quvvat tizimi mavjudligi bois, akkumulyatorni almashtirishda qurilmani o‘chirmasangiz ham bo‘laveradi; agar noutbuk elektr manbayiga ulangan bo‘lsa, akkumulyator chiqarilganda ham ishlayveradi.

Veb-kamera

ThinkPad T480'ning 720p ob’yektivi bilan tiniq rangli va yorqin tasvirlar olish mumkin. Leptop vebkamerasida olingan quyidagi selfida yuz detallari aniqligi, orqa fondagi ob’yektlar ham yorqin tasvirlangani, biroq tasvirning ba’zi qismlarida oq rangga og‘ish mavjudligini ko‘rishimiz mumkin.

Dasturiy ta’minot va kafolat

Lenovo'dagilar ThinkPad T480'ning oldindan o‘rnatilgan dasturiy ta’minoti sodda bo‘lishiga harakat qilishgan. Faqatgina bir dona birinchi tomon servis dasturi: Lenovo Vantage mavjud bo‘lib, bu yerdan barcha asosiy sozlamalarni topishingiz mumkin. Veb-kamera, audio parametrlaridan tortib, displey sozlamalarigacha hammasi shu yerda. Xohishingizga qarab, Smart Screen oynasidan tizim ishlashini optimallashtirishingiz ham mumkin. Lenovo'ning o‘zi leptopga katta hajmli hech qanday ilovani o‘rnatib qo‘ymagan bo‘lsa-da, T480'da Microsoft har bir Windows 10 kompyuteriga joylab qo‘yuvchi keraksiz ilovalar mavjud. Bular qatoriga Bubble Witch Saga 3, Candy Crush Soda Saga, Spotify, Disney Magic Kingdoms va Autodesk SketchBook'lar kiradi.

O‘QING: Noutbuk tanlashda e’tiborga olish kerak bo‘lgan 10 jihat

Xulosa

Баҳо:

8.5балл

Lenovo ThinkPad T480 саноатдаги энг чидамли, кучли ноутбуклардан бўлиб, янада самарали ишлашингизни таъминлайди.

Дизайн

Дисплей

Аккумулятор

Ишлаши

Qaerdan sotib olish mumkin?

Terashop.uz UZS 10 956 000.00 Sotib olish

 Afzalligi

  • Аъло даражадаги аккумулятор автономлиги
  • Чиройли клавиатура дизайни
  • Аъло даражадаги ишлаш кўрсаткичи

 Kamchiligi

  • Экран ёруғлик даражаси паст
  • Вазни оғирроқ
Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!