PSD-fayllarni Photoshop’siz ham ochadigan 5 dastur

  •   DiMaX
  •  2788
  •  25.03.2017 11:53

PSD-fayllarni Photoshop’siz ham ochadigan 5 dastur

PSD-fayllar bilan faqat Photoshop dasturi orqaligina to‘laqonli ishlash mumkin. Ammo grafik fayllarni ochish, hatto qatlam (sloy)larini ochishga qurbi yetadigan bir nechta bepul dastur mavjud. Quyida shulardan eng qulay, tushunarli va bepul bo‘lgan beshtasini ko‘rib chiqamiz.

To‘g‘ri, ular funksionalligi bo‘yicha Photoshop bilan bellasha olmaydi, ammo bundayroq vazifalarni uddalay bilishadi.

GIMP

  • Operatsion tizim: Windows, Mac i Linux.
  • Rus tili: bor.

Bu dastur – Photoshop’ning eng qiziqarli analoglaridan biridir. PSD-fayllarni o‘qishi uchun unga qo‘shimcha plaginlarni o‘rnatish ham shart emas. Oddiy rasmli fayllarni ochgandek usul bilan ochaveradi: File → Open.

Bundan tashqari, GIMP dasturi orqali PSD-fayldagi rasmning qatlam (sloy)larini ham ochib, tahrirlasa bo‘ladi. Biroq bu funksiyani to‘laqonli deb bo‘lmaydi: u barcha qatlamlarni o‘qiy olmaydi, ayrimlarini rastr qilishga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, u ayrim PSD’dagi o‘zgarishlarni aniq o‘zidagidek qilib saqlay olmasligi ham mumkin. Shundan keyin bu fayl Photoshop’da ochilmay qolishi ehtimoli ham bor. Biroq PSD-faylga o‘zgarish kiritish va uni JPEG formatidagi rasm sifatida saqlash mumkin.

Paint.NET

  • Operatsion tizim: Windows 7 va keyingi versiyalar.
  • Rus tili: bor.

Bu – standart Microsoft Paint’dan ko‘ra ancha yaxshi, lekin maksimal darajada tushunarli va ishlatishga qulay dastur. Agarda PSD-fayl ustida GIMP’da ishlay olmasangiz, uni Paint.NET dasturida oching.

Ammo Paint.NET bu turdagi fayllarni ochishi uchun, unga tegishli plaginni o‘rnatish talab etiladi. Buning uchun:

  • Plaginni ko‘chirib oling.
  • Ko‘chirib olingan arxivdan fayllarni chiqaring.
  • PhotoShop.dll faylini nusxalab oling.
  • Paint.NET o‘rnatilgan papkaga (masalan, C:\Program Files\paint.net) boring.
  • PhotoShop.dll faylini FileTypes papkasiga tashlang.
  • Paint.NET’ni oching.

Garchi PSD-hujjatlardagi qatlamlarni ocha bilsa ham, Paint.NET baribir Photoshop’ning barcha funksiyalarini bajara olmaydi, unda suratlarni qayta ishlash imkoniyati biroz cheklangan.

Photopea

  • Operatsion tizim: istalgan tizimda, brauzerda ochiladi.
  • Rus tili: bor.

Qisqasi, Photopea – qolganlari kabi dastur emas, balki onlayn-servis bo‘lib, interfeysi Photoshop yoki GIMP’ni eslatadi. Uning afzalligi shundaki, kompyuterga hech nima o‘rnatish talab etilmaydi. Photopea istalgan qurilmadagi brauzerda ochilaveradi.

Ammo onlayn-ilovalar baribir o‘rnatilgan dasturlar kabi samarador ishlamasligi mumkin. Photopea ham bundan mustasno emas, lekin PSD-fayllardagi qatlamlar ustida ishlashga imkon beradi.

XnView

  • Operatsion tizim: Windows (Linux va macOS uchun XnView MP versiyasi bor).
  • Rus tili: faqat Standart va Extended-versiyalarida bor.

Bu o‘ziga xos grafik organayzer bo‘lib, uning yordamida kompyuteringizdagi suratlar to‘plamlarini ochish va saralash mumkin. XnView dasturida tahrirlashning oddiy funksiyalari mavjud: ranglar palitrasini o‘zgartirish, filtr yoki effekt qo‘shish mumkin.

Garchi ko‘p ommalashmagan bo‘lsa-da, bu dastur 500 dan ortiq (!) formatlardagi rasmlarni ocha oladi va ularni yana 70 ta formatga o‘gira biladi. Shunday ekan, PSD va boshqa tasvirli fayllarni tahrirlovchi hamda boshqa formatga o‘giruvchi sifatida ham uni o‘rnatib olsangiz arziydi.

XnView’ning boshlang‘ich versiyasida faqat ingliz, fransuz va nemis tillari mavjud.

IrfanView

  • Operatsion tizim: Windows.
  • Rus tili: bor.

Bu dastur ham, xuddi XnView kabi, asosan grafik fayllarni ko‘rish va boshqa formatga o‘girishga mo‘ljallangan. Ammo IrfanView unchalik ko‘p formatlar bilan ishlay olmaydi. U PSD-faylni xuddi rasm kabi ochadi. Unda qatlamlarni tahrir etishning iloji yo‘q, ammo oddiy suratlarga o‘zgartirish kiritsa bo‘ladi. IrfanView orqali qayta ishlash imkoniyatlari ko‘proq bo‘lishi uchun, PSD-faylni avvalo boshqa biror qulay formatga o‘girib olish mumkin.

IrfanView tez ishlaydi, juda kam joy va resurs talab qiladi (o‘rnatiluvchi fayllari 3 MBdan salgina oshadi o‘zi).

Agarda yuqoridagi variantlardan birortasi sizga to‘g‘ri kelmasa, PSD-faylni JPG formatiga o‘tkazsangiz ham bo‘ladi. Buning uchun Go2Convert yoki boshqa istalgan konverterdan foydalanish mumkin.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.