“Qahramon” gadjetlar: qiziq voqealar to‘plami

“Qahramon” gadjetlar: qiziq voqealar to‘plami

Zamonaviy texnologiyalar insonlarning bugungi kundagi eng yaqin hamrohi va ermagiga aylanib ulgurdi. Hatto gadjetlar inson hayotini turli ko‘ngilsizliklardan asrab qolgani haqidagi voqealar ham uchrab turibdi. Quyida hikoya qilinadigan voqealar “qahramonlari” aynan mana shu zamonaviy axborot texnologiyalaridir.

O‘qlarga qalqon smartfon

Hamyon yoki qo‘ldagi smartfonlar o‘z egalarini qutqarib qolgani bir necha marotaba kuzatilgan. Masalan, joriy yilning noyabr oyida Parij shahrida teraktlar sodir bo‘lganidan xabaringiz bor. Terakt nuqtasiga yaqin joyda telefonda gaplashayotgan bir yigitni portlovchi moddaning parchalaridan mobil qurilma to‘sib qoldi. Voqea “qahramoni” Samsung Galaxy S6 edge. Afg‘onistondagi portlash chog‘ida amerikalik askarni iPhone 5 “qutqarib qoldi”.

Yaqinda Kaliforniyaning San-Bernardino shahrida bo‘lgan otishma chog‘ida 24 yoshli yigitning ko‘ksiga tomon yo‘nalgan o‘qqa iPhone “qalqon” bo‘ldi, Britaniyada esa iPhone 5 smartfoni bir odamni sochma o‘qning zarbidan asrab, jarohatlanishni kamaytirdi. Tailandlik politsiya xodimini esa Samsung Galaxy Note 2 “asrab qoldi”.

Suriyadagi otishmada Nokia Lumia bir odamni muqarrar falokatdan saqladi. Yana bir Nokia (Lumia 520) qurilmasi esa internet-memga aylanib ulgurdi. Gap shimining orqa cho‘natigiga smartfonini solib qo‘ygan politsiya xodimi haqida ketmoqda.

Qimmati baland qo‘ng‘iroq

Avtohalokatlarda birinchi yordamning ahamiyati katta. Agar u shaharda, odamlar gavjum joyda bo‘lsa-ku, yaxshi, biroq aholi yashash punktlaridan yiroq joyda sodir bo‘lsa-chi?

AQShda bir qiz yo‘l transporti hodisasiga uchraydi va voqea sodir bo‘lgan joy “iPhon`ni topish” funksiyasi yordamida aniqlandi. Birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish orqali esa uning hayoti saqlab qolindi.

Yana bir holatda anhorga tushib ketgan erkak Apple Watch`dagi Ping-test`dan foydalanib, qutqaruv xabarini jo‘natishga erishadi. Bu bilan o‘z hayotini asrab qoladi.

Antiqa qutqaruv tarixi

Bu turdagi voqealar orasida bolalari bilan garovga olingan ayolning tarixi ham o‘ziga xos ahamiyatga ega. Floridada istiqomat qiluvchi ayolni jinoyatchilar bolalari bilan garovga oladi. U pitsa buyurtma qilinadigan maxsus Pizza Hut ilovasiga, aniqrog‘i, buyurtmaning sharh yoziladigan qismiga “Iltimos, yordam bering. Menga 911 ni chaqiring” va “911garov yordam bering” deb yozib yuboradi. Aynan shu chaqiriq orqali ular qutqarib olinadi.

Ana shunday voqea-hodisalarni yana ko‘plab misol keltirish mumkin. Bundan anglash mumkin-ki, gadjetlar chindan ham hayotimizning ajralmas qismiga aylanib bormoqda.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!