Qirol qaytayotir: taqdim etilmagan Nokia 9’ning yangi videolari!

  •   DiMaX
  •  1585
  •  27.06.2017 10:51

Qirol qaytayotir: taqdim etilmagan Nokia 9’ning yangi videolari!

TechDroider nashri hali namoyish etilmagan Nokia 9 smartfonining yangi videolavhasini o‘zining YouTube kanalida e’lon qildi. Bu – shu paytgacha «sizib chiqqan» ma’lumotlar va mish-mishlar asosida tayyorlangan konsept videosidir.

Bundan tashqari, Droidhere portali mazkur qurilmaning texnik xususiyatlarini hamda uning turli hududlar uchun belgilangan taxminiy narxini ham ma’lum qilgan.

TechDroider tayyorlagan lavha ayrim yangi smartfonlarning rasmiy relizidan qolishmaydi. Unga ko‘ra, yangi flagman allaqachon taqdim etilgan Nokia 3, 5 va 6 smartfonlari uslubida bo‘ladi. Uning korpusi metalldan ishlangan, kamerasi esa zamonaviy trenddan qolishmaydigan – qo‘shaloq ob’yektivli.

Nokia 9 aks ettirilgan yana bir videolavhani o‘z kanalida e’lon qilgan You Tech kanali uning rasmiy treyler ekanini da’vo qilmoqda. Biroq hozircha ishlab chiqaruvchining o‘zi bulardan birortasining rost yoki yolg‘on ekani borasida fikr bildirmagan.

Gap-so‘zlarga qaraganda, Nokia o‘zining bo‘lajak flagmanini diagonali 5,3 dyuymli OLED-ekran bilan jihozlaydi, displey sifati 2560×1440 pikselli bo‘ladi. «Qirolning yuragi» bo‘lib 8 yadroli Snapdragon 835 chipi xizmat qiladi, unga Adreno 540 grafik tezlatgichi o‘rnatiladi. Xotirasiga kelsak, versiyasiga bog‘liq holda gadjetning tezkor xotirasi 6 yoki 8 gigabaytga, ichki xotirasi bo‘lsa 64 yoxud 128 gigabaytga teng bo‘ladi. Nokia 9 batareyasi 3800 mA/soat sig‘imga ega bo‘lib, QuickCharge 4.0 tezkor quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.

Bir zamonlar mobil telefonlar bozorida «qirol» bo‘lgan Nokia’ning yangi flagmani AQShda 699 dollarga sotiladi. Yevropada esa unga 749 yevro miqdorida narx qo‘yiladi. Biroq devaysning qachon taqdim etilishi hozircha aniq emas.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!