Qog‘oz asrida yashashda davom etamizmi?

Qog‘oz asrida yashashda davom etamizmi?

“Ayrim veb-saytlar chop etgan maqolasi bilan ziyolilarni ma’rifatdan ayirmoqchi bo‘lgan, deb hisoblaymiz. Go‘yoki ularning fikricha, yangiliklarni internet sahifalaridan olish kifoyadir. Biz haqqoniy xabarlarni rasmiy nashrlardan olib ishlaganmiz va bundan keyin ham shunday qilamiz.”

Bu gaplarni o‘qituvchilar yozgan emish. Ha, aynan yosh avlodni kelajakka, internet va dijital asrga tayyorlashi kerak bo‘lgan muallimlar shunday fikrlar ekan.

“Ayrim veb-saytlar chop etgan maqolasi bilan ziyolilarni ma’rifatdan ayirmoqchimi?..” nomli maqolada da’vo qilinishicha, ma’rifat qog‘ozda, bosma nashrda, xossatan, bosma gazeta va jurnallardadir.

Ma’rifat qo‘l bilan ushlab ko‘riladigan narsa emas, u miyamizdagi neyronlarda, disklarda, radiatsiya to‘lqinlarida va eng ozi qog‘ozlarda bo‘lishi mumkin. U joy tanlamaydi. Har holda bugungi zamona zayli shunday. Ammo buni tushunishga ziyoli va boshqaruv elitamiz tayyormi? O‘zAdek hukumatning tili bo‘lmish bir axborot vositasining mutasaddilari hamon qog‘oz asrida yashayotgan ekan, bu yog‘idan katta narsani umid qilib bo‘larmikan?

Ehtimol gazeta va jurnallar eng yaxshi targ‘ibot quroli deb ishonishar, ammo ular 20-asr o‘rtalaridayoq muhim targ‘ibotchilik rolini televideniyaga berib bo‘lgan.
“Jimmi Uelsning “Wikipedia”si fanga dahldor maqolalarining aniqligi bo‘yicha “Britannica”ga tenglashib qoldi”, deya xulosa bergan edi 2005 yil dekabrida bir guruh tadqiqotchilar “Nature” jurnalida. “Xashar” yo‘li bilan bunyod bo‘lgan, elitar kayfiyatdagi aksar ziyolilar “omi xalq” uchun deb ishongan bir ensiklopediya ikki asrlik nufuzli bir ensiklopediyaga soya solishini ko‘pchilik kutmagani tayin. Har ikki ensiklopediyada chiqqan 42 maqola tekshirilganda, har bir maqolada “Wikipedia”da o‘rtacha to‘rtta, “Britannica” maqolalarida esa uchtadan xato aniqlangan. “Wikipedia” jamoa bo‘lib yozilishini, aksar mualliflar “Britannica” mualliflari kabi mutaxassilar emasligini hisobga olsak, bu kutilmagan yangilik edi. (“Britannica” mualliflari orasida 110 ta Nobel mukofoti laureatlari bor.)

Ushbu shovshuvli maqola chiqqanidan besh yil o‘tib, 2010 yili “Britannica”ning 32 tomlik 15-nashri bosmadan chiqdi. Shu bilan 1768 yili Edinburgda ilk marta chop qilingan ensiklopediyaning so‘nggi nashri bosma kitob ko‘rinishida dunyoga keldi va salkam ikki yarim asrlik bosma “Britannica”lar tarixi o‘z nihoyasiga yetdi. “Britannica Inc.” ensiklopediyani bundan buyon faqat dijital ko‘rinishda (internet va CDlarda) chiqarishini ma’lum qildi. “Ba’zilar bundan xafa bo‘lishi, bosma kitoblarni sog‘inishi mumkin, ammo biz hozir yanada yaxshiroq vositaga egamiz. Internet sayt davomli yangilanadi, kengayadi, unda multimedia ham bo‘ladi”, degan edi “Britannica Inc.” prezidenti Jorj Kauz.

Shu bilan “Britannica” o‘zining shonli o‘tmishiga xiyonat qildimi? Uning sifati pasayib qoldimi? Yo‘q, albatta. Shunchaki uning o‘quvchiga yetib borish yo‘li o‘zgardi. O‘zgarganda ham arzonroq, tezroq yo‘l tanlandi. O‘qilmaydigan, ko‘zni quvnatish uchun javonga terib qo‘yilgan bosma “Britannica”lar o‘rnini ko‘z-ko‘z qilib bo‘lmaydigan ammo tez va qulay foydalanish mumkin bo‘lgan elektron “Britannica”lar egalladi.

1989 yil 20 tomli, 21728 sahifali “Oxford English Dictionary” bosmadan chiqdi. Bu nashr ingliz tilidagi eng nufuzli lug‘atning eng so‘nggi bosma nashri bo‘ldi. 2000 yildan uning ham onlayn versiyasi paydo bo‘ldi. 40 tom bo‘lishi rejalangan uchinchi nashr bosma kitob holida boshqa chiqmasligi mumkin.

2004 yili Frankfurtda taqdimoti bo‘lgan va 2005 yildan “Google Book Search” nomini olgan loyiha asosida dunyodagi barcha bosma kitoblarning faksimilesini olish boshlandi. Hozirgacha 25 milliondan ortiq kitob nusxasi olingan.

Bugungi kunda dunyoning manaman degan eng nufuzli muzeylari, galereyalari, kutubxonalari o‘z fondlaridagi materiallarni elektron shaklga o‘tkazib, pulli va bepul tarzda e’lon qilmoqda. Dunyo tan olgan istalgan yozuvchi, shoir, olim, faylasufning asarini internetdan topib o‘qish mumkin. Istalgan ilmiy, ilmiy ommabop va informatsion gazeta-jurnallarning bari internetdan joy olgan.
Bosma nashrlar kuni bitayotgani bu – ma’rifatning kuni bitayotgani emas, jurnalistikaning kuni bitayotgani emas. Bu shunchaki bir turdagi axborot uzatish vositasi o‘rnini boshqasi egallayotgani nishonasi xolos. Bu yangi davrning boshlanishi.

Ammo biz bu o‘zgarishlarga tayyormizmi?

Basharti bosma nashrlar bilim, axborot, ma’rifatning yagona manbai bo‘lmasa, odamlarni majburlab, ularga obuna qilishdan nima naf? Undan ko‘ra har bir shahar, tuman, qishloqlarda internet risoladagidek ishlashini ta’minlash osonroq emasmi? Maktablarni internetga ulab, ularni zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlash, har bir maktabga, har bir xonadonga dunyoning asil madaniyatini, butun axborotini olib kirish mumkin-ku!

Xurshid Yo‘ldoshev

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!