Qo‘sh kamerali, hamyonbop Mi 6X ro‘yxatga olindi

Qo‘sh kamerali, hamyonbop Mi 6X ro‘yxatga olindi

Fevralda Xiaomi tomonidan Xiaomi Redmi Note 5 Pro smartfoni taqdim qilingan edi. Xitoyda bir hafta avval sotuvga chiqqan u model ayni damda muvaffaqiyatli sotilmoqda va hozircha tanqis. Kompaniya esa smartfon do‘konlarini yanada qiziqarli navbatdagi mobil aloqa vositasi bilan to‘ldirish harakatida yuribdi. Xiaomi Redmi Note 5 Pro modelining takomillashgan talqini Xiaomi Mi 6X deb nomlanadi.

Bugun Xitoyning Telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida guvohnoma buruvchi TENAA tashkiloti bazasida Xiaomi Mi 6X telefoniga oid ma’lumotlar aks etdi. Unda smartfonning bir qator jihatlari, xususan qo‘sh sensorli bosh kamerasi, romdan xoli ekrani hamda samarador ishlaydigan protsessori haqida ma’lumot keltirilgan.

Suratlarga ko‘ra, Xiaomi Mi 6X ko‘rinishidan Redmi Note 5 Pro modelini eslatib yuborsa ham, bir oz farqlanadi. Xiaomi Mi 6X uchun o‘rnatilgan bosh kamera sensorlari bir oz kattaroq.

Xiaomi Mi 6X smartfonidagi 5,99 dyuymli IPS-ekran sig‘imi 2160 ga 1080 pikselli (FHD+) bo‘ladi. Bu ekran ham zamonaviy ko‘rinishda, ya’ni 18:9 o‘lchamida ishlanadi. Ekran diagonali kichikroq, ya’ni 5,99 dyuymli bo‘lgani hisobiga, smartfon ancha ixcham ko‘rinadi.

Xiaomi Mi 6X smartfoni apparat ta’minoti uchun firmaning o‘zi ishlab chiqargan 8 yadroli Surge S2 protsessori mas’ul bo‘ladi. Xiaomi Mi 6X modeli 4 gigabaytli tezkor hamda 64 gigabaytli doimiy xotiraga ega bo‘ladi.

Bosh kameraga 2 ta 12 megapiksel aniqligidagi kamera modullari hamda 8 megapiksel aniqligidagi kamera o‘rnatiladi. Telefonda, shuningdek universal USB Type-C porti bo‘lib, uning yordamida devaysning 2910 mA soat sig‘imli akkumulyatorini tezkor quvvatlash mumkin.

Xiaomi Mi 6X qadoqdayoq Android 8.1 Oreo'ning o‘zlashtirilgan MIUI 9 proshivkasida ishlaydi. Smartfonning 283 AQSh dollaridan sotuvga chiqarilishi kutilmoqda.