Qozog‘istonda minglab kitobni jamlagan mobil ilova yaratildi

Qozog‘istonda minglab kitobni jamlagan mobil ilova yaratildi

Kitap deb nomlangan mobil ilova qozoq tilidagi 4000dan ortiq kitobni o‘zida jamlagan. Mazkur ilovani WikiBilim jamoatchilik jamg‘armasi Ksell mobil operatori ko‘magida ishlab chiqdi, deb xabar beradi Today.kz.

Kitap bepul mobil ilovasi “Qozog‘iston ochiq kutubxonasi” onlayn-loyihasi bazasida amalga oshirilgan.

Hozirgi paytda “Qozog‘iston ochiq kutubxonasi” loyihasi jamg‘armasiga 500dan ortiq muallifning 4000dan ortiq kitobi joylangan. Bu loyihani dastavval Muxtor Avezov, Saken Sayfullin, G‘abiden Mustafin, Bovurjon Mo‘mish uli, Juban Mo‘ldag‘aliyev va boshqa taniqli ijodkorlarning avlodlari qo‘llab-quvvatlagan. Keyinroq Abish Kekilboyev, Muxtor Shoxonov va boshqa mualliflar ko‘mak berishgan.

Qozog‘iston ochiq kutubxonasi kitap.kz 2012 yilda yuzaga kelgan. Hozirda qozoq madaniyatiga oid elektron asarlar majmuidan tashqari jahonga mashhur badiiy va ilmiy-ommabop asarlarni unda topish mumkin. Loyihadan ko‘zda tutilgan maqsad Qozog‘iston madaniy merosini elektronlashtirib barchaga taqdim etish hamda mualliflik huquqini saqlagan holda milliy adabiyot, fan, madaniyatni ommalashtirishdir.

Loyiha yetakchilarining aytishiga ko‘ra, elektron kutubxonaga har kuni 2500dan ortiq kitobxon tashrif buyuradi.

Hozirda dunyo bo‘ylab kitoblarni elektronlashtirish jarayoni ketmoqda. Adabiy-ma’rifiy portal haqida gap ketganda o‘zbek tilidagi eng yirik kitoblar ombori  ziyouz.comni eslash joiz.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.