Qualcomm g‘iromlikda gumonlanmoqda: raqobatchilarni sindirish uchun narxlar atay tushirilgan

  •   Saroy
  •  935
  •  24.07.2018 11:25

Qualcomm g‘iromlikda gumonlanmoqda: raqobatchilarni sindirish uchun narxlar atay tushirilgan

Yaqindagina Yevrokomissiya Google’ni jazolagan edi, endi esa ushbu tashkilot Qualcomm kompaniyasi bilan jiddiy shug‘ullana boshladi. Xuddi Google bilan bog‘liq voqea kabi, Qualcomm ham g‘irrom o‘yin o‘ynaganlikda hamda mobil protsessorlari bozorida adolatli raqobatni buzganlikda gumon qilinmoqda.

Yevrokomissiyaning fikricha,  2009 yildan to  2011 yilgacha Qualcomm o‘z mahsulotlari narxini «qayta tahrir qilgan». Bu ish  Nvidia va Icera kabi asosiy raqobatchilarni yo‘ldan olib tashlash maqsadida qilingan. Gap shundaki, kompaniya mahsulot narxlarini ko‘tarish o‘rniga, o‘zining narxidan ham arzon sotgan.

Birinchi shubha 2015 yilda raqobatchilardan biri, Amerikaning  chiplar ishlab chiqaruvchi yirik Icera  kompaniyasining Qualcomm ustidan shikoyat qilganida paydo bo‘lgan edi.  Endi esa, Yevrokomissiya jiddiy tekshiruv o‘tkazishni mo‘ljallamoqda.

Agar ayblovlar o‘z tasdig‘ini topsa, Qualcomm’ni yillik aylanma mablag‘ining o‘n foizi miqdorida jarima kutmoqda. Masalan, 2009 yilda kompaniyaning yillik mablag‘ aylanmasi 10.4 milliard dollarni tashkil etgandi, 2017 yilga kelib bu ko‘rsatkich 22 milliard dollardan oshib ketdi.

O‘z navbatida, Qualcomm kompaniyasi rahbariyati ushbu ayblovni rad etmoqda va shunday bayonot bermoqda: «Qualcomm amaliyoti raqobatga asoslangan va Yevropa raqobatchilik qoidalariga to‘la mos keladi».

Darvoqe, bunday ayblov va sudda o‘zini himoya qilish holatlari mazkur kompaniya uchun birinchisi emas. Avvallari Apple Qualcomm kompaniyasini narxni oshirishda ayblagan edi, Intel  esa uning ustidan raqobatda g‘irromlik qilgani uchun shikoyat qilgandi. Shu yilning boshida esa Yevrokomissiyaning monopoliyaga qarshi kurashni muvofiqlashtiruvchi  bo‘limi  Qualcomm kompaniyasini o‘sha Apple’ni pul bilan sotib olishda ayblab, 997 million yevrolik (1,23 milliard dollar) jarimaga tortgandi.